Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning moliyachi va bloger Otabek Bakirovga nisbatan shikoyati bo‘yicha ma’muriy ish tugatildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi 7-maydagi majlisda tegishli qarorni e’lon qildi, deya xabar beradi Gazeta muxbiri.

Sud yolg‘on axborot tarqatish moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortish muddati o‘tganini ko‘rsatdi. Sud qaroriga ko‘ra, ish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasi inobatga olingan holda hamda ushbu kodeksning 271-moddasi 7-bandiga asosan — ma’muriy javobgarlikka tortish muddati o‘tganligi munosabati bilan tugatilgan. Xususan, ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir yildan, davom etayotgan huquqbuzarliklar bo‘yicha esa — u aniqlangan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qo‘llanishi mumkin.

Energetika vazirining shikoyati Bakirovning metan zapravkalaridagi gaz ta’minoti holati, navbatlar hamda AGTKSHlarda gaz mavjudligi haqida ma’lumot beruvchi servis sifatida taqdim etilgan Avto24 ilovasining faoliyatiga oid nashrlariga taalluqli edi.

Avvalroq Bakirov vazirning oldingi arizasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilganidan so‘ng, uning 2024-yil 26-dekabrda Toshkent shahar IIBBga yangi shikoyat bilan murojaat qilganini ma’lum qilgandi. 2026-yil 23-yanvarda IIBB jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan, biroq 25-mart kuni poytaxt prokuraturasi bu qarorni bekor qilgan. Shundan so‘ng materiallar keyingi ko‘rib chiqish uchun Yashnobod tumani IIBga yuborilgan.

Otabek Bakirovning o‘zi vazirlik harakatlarini bosim deb hisobladi. U jurnalistlarga bergan intervyusida shunday dedi: “Energetika vazirining ishi yo‘qdek, ketma-ket ariza berishi tushunarsiz. Agar shunaqa energiyasi bo‘lsa, uni energetik barqarorlik, yetishmovchilik uchun sarflasin. Mening ovozimni o‘chirish uchun, gapirmasin, muammoni ko‘tarmasin deb, vazirlikning inson resurslarini, ma’muriy resurslarini sarflayapti. Shuncha IIB xodimi ovora, prokratura, sud, ekspertiza ovora”, — deydi Bakirov.

Otabek Bakirov — moliyachi va Telegram kanal muallifi bo‘lib, u o‘z kanalida iqtisodiy siyosat, energetika, tariflar, subsidiyalar, davlat kompaniyalari va regulyatorlar faoliyati masalalarini muntazam sharhlab boradi. Uning nashrlari ko‘pincha jamoatchilikda bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi.

Ushbu ish so‘z erkinligi, amaldorlarni tanqid qilish hamda davlat organlari harakatlarini ommaviy baholashning chegaralari borasidagi muhokamalar davom etayotgan bir paytda keng aks-sado berdi. Bir qator jurnalistlar, blogerlar va jamoat faollari amaldorlar tanqidga sud tortishuvlari bilan emas, balki faktlar va tushuntirishlar bilan javob berishi kerakligini ta’kidladi.

Source: www.gazeta.uz