Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Boston Consulting Group (BCG) kompaniyasining “Turbulentlikdan transformatsiyaga: aviakompaniyalar raqamli texnologiyalar orqali qanday muvaffaqiyatga erishishi mumkin?” nomli hisobotiga ko‘ra, 2027-yilga borib aviakompaniyalar tomonidan raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni (SI) joriy etishdan olinadigan iqtisodiy samara to‘rt baravardan ortiq oshishi mumkin. Hozirda tashuvchilarning qariyb 50 foizi SIni texnologik ustuvor yo‘nalishlar orasida birinchi o‘ringa qo‘ymoqda, 90 foizga yaqini esa mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimlariga faol investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.

Hisobotda, xususan, AI-native aviakompaniyalar — yaʼni boshidanoq bulutli texnologiyalar va sunʼiy intellekt asosida qurilgan tashuvchilar konsepsiyasi tahlil qilingan. BCG ekspertlari Andrey Novitskiy va Vasiliy Triandafilidi bilan suhbatda sunʼiy intellekt aviaparvozlar iqtisodiyotini qanday o‘zgartirishi, raqamli yetuklik raqobatbardoshlik omiliga aylanishi va O‘zbekiston xalqaro tajribadan qanday xulosalar chiqarishi mumkinligi muhokama qilindi.

Vasiliy Triandafilidining taʼkidlashicha, aviatsiyada ikki yo‘l mavjud: anʼanaviy yo‘l — mavjud tizimlar ustiga SI yechimlarini bosqichma-bosqich qo‘shish (KLM kabi yirik o‘yinchilar shu yo‘ldan bormoqda) va AI-native yo‘li — o‘z yadrosini boshidanoq bulutli texnologiyalar va SI asosida qurish. Aviatsiyada AI-native kompaniyalar hali kam, ammo soha aynan shu yo‘nalishga qarab harakatlanmoqda.

Andrey Novitskiyning so‘zlariga ko‘ra, sunʼiy intellektni faol joriy etayotgan aviakompaniyalar operatsion marjani 5-6 foizga oshirish imkoniyatiga ega. Bu aviatsiya sohasi uchun juda katta ko‘rsatkich. Investorlar bu omilga allaqachon eʼtibor qaratmoqda, chunki raqamli yetuklik uzoq muddatli raqobatbardoshlik omili sifatida baholanmoqda. Ayniqsa, IPOga tayyorlanayotgan mahalliy aviakompaniyalar uchun bu dolzarb.

Ekspertlar O‘zbekiston uchun “leapfrog effect” (texnologiyalarning kam samarali bosqichlarini sakrab o‘tish) imkoniyatini taʼkidladilar. Masalan, bank sohasida O‘zbekiston anʼanaviy tizim bosqichini sakrab o‘tib, to‘g‘ridan to‘g‘ri mobile-first to‘lov ekotizimiga (Payme va Click) o‘tgan. Xuddi shu holat aviakompaniyalarda ham kuzatilishi mumkin. Biroq, muvaffaqiyat uchun maʼlumotlarning yagona arxitekturasini shakllantirish, kadrlarga investitsiya qilish va top-menejment darajasida masʼul shaxs tayinlash zarur.

Source: www.gazeta.uz