O‘zbekistonda davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, jumladan, yer osti inshootlari va tunnellardan foydalanish uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Hujjat Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi hamda davlat chegarasini qo‘riqlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash va mamlakat iqtisodiy barqarorligini himoya qilish choralarini kuchaytirishga qaratilgan.
Tashabbusga ko‘ra, davlat chegarasi orqali tovar-moddiy boyliklar, xorijiy valyuta, qimmatbaho metallar va boshqa narsalarni noqonuniy olib o‘tish, shuningdek, bojxona nazoratini chetlab o‘tish uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Noqonuniy qurilgan yer osti inshootlari, tunnellar yoki boshqa infratuzilmadan bojxona qonunchiligini buzish uchun foydalanish og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi.
Shuningdek, qonun loyihasi mamlakatdan noqonuniy chiqish, O‘zbekistonga kirish yoki davlat chegarasini bunday ob’ektlardan foydalanib kesib o‘tish uchun qattiqroq javobgarlik choralarini nazarda tutadi.
Alohida norma sifatida noqonuniy yer osti inshootlari va tunnellarni qurish, ular uchun zarur infratuzilmani yaratish, ulardan foydalanish, shuningdek, bunday faoliyatni moliyalashtirish uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi.
Hujjat qayta ishlab chiqilgandan so‘ng parlamentda keyingi muhokamaga chiqariladi.
Source: podrobno.uz