Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 aprel kuni videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 1-chorakdagi iqtisodiy o‘sish natijalari va yil oxirigacha bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Yalpi ichki mahsulot 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasi 16,1 foizga, qishloq xo‘jaligi 5,1 foizga o‘sdi. Yillik inflyatsiya darajasi birinchi marta 7,1 foizgacha pasaydi.

Yanvar-mart oylarida byudjet daromadlari 35 foizga o‘sib, 103 trillion so‘mga yetdi. Tuman va shaharlar ixtiyorida 1,4 trillion so‘m qoldi.

Prezident erishilgan natijalardan keyin bo‘shashishga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi. Global qarama-qarshiliklar sharoitida barcha rahbarlar ish usullarini tubdan o‘zgartirishi lozim.

Kichik va o‘rta biznes sohasiga banklar orqali 140 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Shu bilan birga, Uchqupriq, Pskent, Bo‘stonliq, Karmana, Qo‘rg‘ontepa tumanlarida 1 milliard so‘m kreditga o‘rtacha 3 ta ish o‘rni to‘g‘ri kelmoqda.

Mas’ullarga tuman bank xodimlarini sun’iy intellekt bilan ishlashga o‘rgatish va “AI-konsultant” platformasini ishga tushirish topshirildi.

Guzor, Narpay, Urganch, Yangiyo‘l va Chinaz tumanlarida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish uchun ajratilgan 262 milliard so‘mga qaramay, loyihalar boshlanmagan. Viloyat hokimlariga bunday rahbarlarning lavozimga muvofiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Prezident inflyatsiyaning oshishi aholi va tadbirkorlarga ijobiy o‘zgarishlarni his qilishiga to‘sqinlik qilishini ta’kidladi. Hokimlarga inflyatsiyani 6,5 foiz darajasida ushlab turish vazifasi qo‘yildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil oxirigacha esa 130 ming tonna go‘sht import qilish kerak.

13 ta tuman sanoat bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlariga erishmagan. Ularning hokimlariga nisbatan intizomiy choralar qo‘llaniladi.

Norin, Kasbi, Sherobod, Yozyovon va Denov tumanlarida eksport ikki barobardan ko‘proq kamaygan. Yarim yil yakunlari bo‘yicha o‘sish bo‘lmasa, rahbarlarga nisbatan qattiq choralar ko‘riladi.

Joriy yilda 53 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsad qilingan. Prezident loyihalar va investorlarni to‘g‘ri tanlashgina investitsiyalarni sifatli qilishini ta’kidladi.

Source: kun.uz