Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shavkat Mirziyoyev 24-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sanoat va eksport rejalarini bajara olmagan 13 ta tuman hokimiga nisbatan intizomiy jazo chorasini ko‘rishni topshirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Arnasoy, Sharof Rashidov, Yangiobod, Navbahor, Kosonsoy, Qumqo‘rg‘on, Furqat, Shovot, Shayxontohur va Sergeli tumanlari sanoat rejasini bajara olmagani tanqid qilindi. Ushbu tumanlar rahbarlariga rejadan qancha orqada qolganiga qarab intizomiy jazo qo‘llash topshirildi.

Ichki bozorda mis taklifi oshirilgan bo‘lsa-da, qayta ishlash hajmi oyiga 6 ming tonnadan oshmayotgani qayd etildi. Natijada birinchi chorakda elektrotexnika sohasida sanoat o‘sishi prognozdagi 11,2 foiz o‘rniga atigi 7,8 foizni tashkil etdi, eksport rejasi esa bor-yo‘g‘i 57 foizga bajarildi.

Elektrotexnika eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million dollar resurs ajratilib, aylanma mablag‘ga garovsiz kredit berish imkoniyati yaratilgan. Biroq hech bir bank ushbu shartlarda kredit ajratmaganiga e’tiroz bildirildi.

Mutasaddilarga ishlab chiqarish va eksporti kamaygan har bir korxonaga borib, ularning muammolarini joyida hal qilish, eksportni moliyalashtirish va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash topshirildi. Ikkinchi chorak yakuniga qadar sanoat ishlab chiqarishini 25 trillion so‘mga, eksportni esa 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Nurafshon shahri hamda G‘uzor, Narpay, Urganch, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi xabar qilingandi.

Source: www.gazeta.uz