Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2025-yil birinchi choragi yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘sishi 8,7 foizni tashkil etganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagi 6,8 foizdan 1,9 foiz punktiga yuqori.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, islohotlarning yangi bosqichi boshlanganidan buyon birinchi chorakda iqtisodiy o‘sish hech qachon 7 foizdan oshmagan. 2018-yildan beri faqat bir marta, 2021-yilning uchinchi choragida, YAIM o‘sishi 8,8 foiz bilan hozirgi darajadan yuqori bo‘lgan.
Oltin yetkazib berishning yo‘qligi sababli eksport hajmi 5,8 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davridagi 8,1 milliard dollardan kam bo‘ldi. Xorijiy investitsiyalar esa 13,7 milliard dollarga yetdi. Yillik inflyatsiya darajasi ilk bor 7,1 foizgacha pasaydi (o‘tgan yil 10,3 foiz edi).
Prezident Mirziyoyev yuqori ishbilarmonlik faolligi fonida mamlakat barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buni Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisoboti va O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi pozitsiyalari yaxshilangani tasdiqlaydi. Jumladan, “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da mamlakat 14 pog‘onaga ko‘tarilib, 86-o‘rinni egalladi.
“Buning uchun qanday qiyin va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganimizni bilganlar biladi. Lekin ishlamay quruq oylik olib o‘tirganlar ham ishlaganlar bilan ‘bitta poyezdda ketyapti’. Afsuski, ayrimlar hali ham ‘uyg‘ongani yo‘q’”, — dedi prezident.
Mirziyoyev birinchi chorakdagi yaxshi ko‘rsatkichlar yilning qolgan qismi ham shunday ruhda davom etishiga kafolat bo‘la olmasligini ta’kidladi. “Global ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar, yetakchilik uchun kurash avj olayotgan hozirgi sharoitda dunyo oldingidek ‘sokin’ bo‘lmaydi”, — dedi u.
Prezidentning ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilda banklar orqali kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Biroq kreditlardan foydalanish samaradorligi hududlar kesimida farq qilmoqda: Shirin shahrida har 1 milliard so‘m kreditga 20 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, Uchko‘prik tumanida atigi 3 ta.
Yig‘ilishda loyiha tanlashda sun’iy intellektni integratsiya qilish vazifasi qo‘yildi. Prezident viloyat va tuman bankirlarini sun’iy intellektga o‘qitishni buyurdi, “Sun’iy intellekt maslahatchisi” platformasini ishga tushirish topshirildi. Platforma tadbirkorlarga kredit olish uchun loyiha parametrlari, risklari va bozor talabini tahlil qilib, tayyor yechimlarni berishi kerak.
Source: www.gazeta.uz