Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan viloyatida fuqarolarni Haj ziyoratiga noqonuniy yo‘l bilan yuborishni va’da qilib, 26 ming dollar talab qilgan shaxs Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Jinoyatchi Namangan shahrida yashovchi 42 yoshli shaxs bo‘lib, u Chust tumanida istiqomat qiluvchi to‘rt nafar fuqaroga “Haj-2026” mavsumida Saudiya Arabistoniga yuborishni taklif qilgan va buning evaziga 26 ming dollar talab qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda jinoyatchi so‘ralgan mablag‘dan 6 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. DXX fuqarolarni shubhali takliflarga ishonmaslikka chaqirib, bunday holatlarga duch kelganda 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishni so‘radi, shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligi kafolatlanishi ta’kidlandi.

Haj ziyoratini tashkil etish O‘zbekistonda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Saudiya Arabistoni Haj vazirligi o‘rtasidagi kelishuv asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi orqali amalga oshiriladi. Biroq, so‘nggi bir yilda Umra ziyoratini noqonuniy tashkil etish bilan bog‘liq 178 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, litsenziyasiz ishlagan 47 ta va reklama qoidalarini buzgan 15 ta turistik tashkilot jarimaga tortilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Haj” va “Umra” ziyoratiga yuborishda jinoiy to‘dalar faoliyati ancha ko‘payganini ta’kidlagan edi. Avvalroq xususiy firmalar va ayrim shaxslar orqali Umra safariga borgan 170 dan ortiq o‘zbekistonlik vatanga qaytolmayotgani xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda “Haj va Umra yagona portali” ishga tushirildi. O‘zbekiston fuqarolari endi Haj va Umraga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi: 1-fevraldan Haj tadbiriga, 1-maydan Umra tadbiriga borish uchun portalda ro‘yxatdan o‘tish shart. Bu tizim noqonuniy faoliyatni kamaytirishga qaratilgan.

Source: www.gazeta.uz