Orolbo‘yi hududida atrof-muhit holatini yaxshilash va havo sifatini doimiy nazorat qilish maqsadida 37 ta avtomatlashtirilgan onlayn monitoring stansiyasi o‘rnatildi. Bu loyiha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (UNDP) hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamkorligida amalga oshirildi. Stansiyalar havo tarkibidagi mayda zarrachalar (PM 2,5 va PM 10), zaharli gazlar (CO, NO2, O3, H2S), shuningdek, harorat, namlik, bosim va shamol tezligi kabi meteorologik ko‘rsatkichlarni aniq o‘lchab, ma’lumotlarni Auris Green Tech tizimi orqali avtomatik yangilaydi.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Ekologiya qo‘mitasi qoshidagi Situatsion markaz faoliyati bilan tanishdi va loyiha natijalari taqdim etildi. Fujii, shuningdek, Sinov laboratoriyasida suv, tuproq va havo namunalarini xalqaro standartlar asosida tahlil qilish imkoniyatlari bilan ham tanishib chiqdi. Bu laboratoriya ifloslanish darajasini aniqlash, ekologik xavflarni oldindan baholash va tezkor choralar ishlab chiqish uchun muhim ahamiyatga ega.
Akiko Fujii qo‘mita faoliyati, xodimlarning professional tayyorgarligi va texnik imkoniyatlarini yuqori baholab, kelajakda ham Qoraqalpog‘istonda ekologik tizimni sog‘lomlashtirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyatini bildirdi. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, bu tashabbus iqlim o‘zgarishiga moslashish, atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim rol o‘ynaydi.
Avvalroq Yaponiyaning 4,6 million dollarlik moliyaviy ko‘magida UNDP Orolbo‘yida suv resurslarini boshqarishni mustahkamlash loyihasini ishga tushirgan edi. Bu tashabbus suvdan foydalanish samaradorligi va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish, shuningdek, inklyuziv barqarorlikni ta’minlashni maqsad qilgan. 2023-2025-yillarda esa UNDP va Yaponiya hukumati hamkorligida Orolbo‘yi hududida iqlimga barqaror qishloq xo‘jaligi orqali o‘zini o‘zi ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash loyihasi amalga oshirildi.
Mazkur loyiha 4 ta tuman va 65 ta aholi punktida jamoalarning barqarorligini mustahkamlab, 376 mingdan ortiq aholi farovonligini yaxshilashga xizmat qildi. Natijada, 7 mingdan ortiq aholi barqaror elektr energiyasi bilan, 7700 dan ziyod kishi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 6200 dan ortiq fuqarolar uchun esa ta’lim va sog‘liqni saqlash infratuzilmasi yaxshilandi.
Source: www.gazeta.uz