Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu hujjat butun mamlakat bo‘ylab bolalar, yoshlar va mahalliy jamoalar uchun iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish, shuningdek, ofatlarga tayyorgarlik tizimlarini mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni belgilaydi.

Memorandum ofatlar xavfini kamaytirish, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni rejalashtirish va chidamlilikni oshirish tashabbuslari sohasida bolalar manfaatlariga yo‘naltirilgan hamkorlikni rivojlantirish uchun tizimli platformani taqdim etadi. Hujjat butun O‘zbekiston bo‘ylab bolalar va jamoalar uchun xavfsizroq muhit yaratish bo‘yicha hamkor tashkilotlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari uchun imkoniyatlarni kengaytiradi.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikromov: “Ushbu memorandum Favqulodda vaziyatlar vazirligi va UNICEF o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini belgilaydi. Bu bizning tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish tizimlarini mustahkamlash va butun O‘zbekiston bo‘ylab bolalar xavfsizligi va farovonligini ta’minlashga bo‘lgan sadoqatimizni aks ettiradi”.

Kelishuv milliy va mahalliy darajalarda institutsional salohiyatni mustahkamlash, bolalar va hamjamiyatlarni favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik asoslari bo‘yicha o‘qitish dasturlarini kengaytirish, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash, dalillarga asoslangan rejalashtirishni ilgari surish va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun innovatsion o‘quv vositalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi.

Shuningdek, u O‘zbekistonning 2015−2030-yillarga mo‘ljallangan tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha Senday dasturi doirasidagi ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio: “Bolalar va oilalarni tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ortib borayotgan xavflardan himoya qilish uchun tayyorgarlik tizimlarini mustahkamlash juda muhimdir. Ushbu hamkorlik orqali YUNISEF har bir bolani himoya qilish uchun yanada kuchliroq va bardoshli tizimlarni yaratishda milliy hamkorlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi va YUNISEF o‘zaro hamkorligi davomida 1100 ga yaqin ta’lim muassasasini qamrab oluvchi butun mamlakat bo‘ylab maktab xavfsizligini kompleks baholashni amalga oshirish, favqulodda vaziyatlarga javob beradigan ijtimoiy himoya mexanizmlarini mustahkamlash va O‘zbekiston bo‘ylab bolalarga yo‘naltirilgan favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik tizimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun jamoatchilik bilan aloqalarni rivojlantirish yondashuvlarini ilgari surmoqda.

Source: www.gazeta.uz