Amsterdam shahri go‘sht mahsulotlari hamda qazib olinuvchi yonilg‘idan foydalaniladigan tovar va xizmatlar reklamasini taqiqlagan dunyodagi birinchi poytaxtga aylandi. Bu haqda BBC News xabar berdi.
Shahar rasmiylarining maqsadi – 2050-yilga kelib Niderlandiya poytaxtining uglerod neytralligiga erishish va aholi tomonidan go‘sht iste’molini ikki baravar kamaytirish.
1-maydan boshlab reklama shitlari, jamoat transporti bekatlari va metro stansiyalaridan burgerlar, benzinli dvigatelli avtomobillar va aviakompaniyalar reklamalari olib tashlandi. Ularning o‘rnini muzeylar, konsertlar va ko‘rgazmalar reklamalari egalladi.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, taqiq kuchga kirgunga qadar uglevodorod xomashyosi bilan bog‘liq mahsulot va xizmatlar reklamasi shahardagi jami reklamaning 4 foizini, go‘sht va go‘sht mahsulotlariniki esa atigi 0,1 foizini tashkil etgan.
2026-yil yanvarida Amsterdam shahar kengashi 27 ta rozi va 17 ta qarshi ovoz bilan qazib olinuvchi yonilg‘i va go‘sht mahsulotlari reklamasini taqiqlash haqidagi qarorni qabul qilgan edi. Taqiq uglerod chiqindilarining katta miqdori bilan bog‘liq tovar va xizmatlarga: aviaparvozlar, benzin va dizel yonilg‘isida ishlaydigan avtomobillar, gazda isitish bo‘yicha shartnomalar, shuningdek, fastfud burgerlari kabi go‘sht mahsulotlariga taalluqlidir.
Niderlandiyada jamoat joylarida go‘sht va qazib olinuvchi yonilg‘i mahsulotlari reklamasini cheklagan birinchi shahar Xarlem bo‘lgan. U yerda taqiq 2024-yilda kuchga kirgan. Shundan so‘ng Utrext va Neymegen shaharlari ham shunday yo‘l tutdi. Qazib olinuvchi yonilg‘i turlari reklamasiga qo‘yilgan taqiq Edinburg (Shotlandiya), Sheffild (Angliya), Stokgolm (Shvetsiya) va Florensiyada (Italiya) ham amal qiladi.
Source: www.gazeta.uz