Yevropa Ittifoqining oltita mamlakatidagi aeroportlarda yangi kirish-chiqish biometrik tizimi (EES) joriy etilishi natijasida ko‘p soatlik navbatlar va sezilarli kechikishlar kuzatilmoqda. Tizim 10-apreldan boshlab to‘liq ishga tushirilgan bo‘lib, Fransiya, Germaniya, Belgiya, Italiya, Ispaniya va Gretsiya aeroportlarida vaziyat keskinlashgan. Yevropa Aeroportlar Kengashi (ACI) ogohlantirishicha, turizm mavsumi boshlanishi bilan bu holat "kollaps"ga aylanishi mumkin.
ACI Yevropa bo‘limi rahbari Olivye Jankovetsning aytishicha, eng band soatlarda yo‘lovchilar uch soatgacha kutishga majbur bo‘lmoqda. Ryanair aviakompaniyasining bosh direktori Maykl O‘Liri tizimni "to‘liq sharmanda va tartibsizlik" deb baholab, uni "Brexit uchun jazo"ga qiyosladi. U EES tizimining to‘liq ishga tushirilishini oktyabrgacha kechiktirishni talab qildi, chunki ba‘zi aeroportlarda kutish vaqti to‘rt soatgacha yetgan.
Milanning Linate aeroportida sodir bo‘lgan voqea vaziyatning jiddiyligini ko‘rsatdi: EasyJet aviakompaniyasining Manchesterga reysida 156 yo‘lovchidan atigi 34 nafari bortga chiqa oldi, qolgan 122 kishi nazoratdan o‘ta olmaganligi sababli samolyot ularsiz uchib ketdi. Aviakompaniya bepul chipta o‘zgartirishni taklif qildi, ammo hodisa uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
Sanoat vakillari Yevropa Komissiyasiga murojaat qilib, chegara xizmatlariga haddan tashqari kechikishlar sodir bo‘lganda tizimni to‘xtatish huquqini berishni talab qildi. Biroq, Yevropa Komissiyasi tanqidlarga qarshi chiqib, tizimning normal ishlayotganini va bir yo‘lovchini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘rtacha 70 soniya ketishini da‘vo qildi. ACI bu baholashni haqiqatga mos kelmaydi deb hisoblaydi va amaliy vaqt besh baravar ko‘p ekanligini ta‘kidlaydi.
EES tizimi bosqichma-bosqich 2025-yil oktyabridan joriy qilina boshlangan, birinchi bo‘lib Chexiya, Estoniya va Lyuksemburgda ishga tushirilgan. Tizim Shengen zonasiga kirishda uchinchi mamlakat fuqarolari uchun qo‘lda muhur bosish o‘rniga biometrik ro‘yxatdan o‘tishni (fotosurat va barmoq izlari) nazarda tutadi. 2026-yil 10-apreldan boshlab Shengen zonasidagi barcha 29 davlat yangi tizimga o‘tdi. Yevropa Ittifoqi fuqarolari, doimiy yashash ruxsatnomasi egalari va diplomatlar bu tartibdan ozod qilingan.
Source: kun.uz