O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev Jazoirdagi elchi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Elchi Jazoir tashqi ishlar, xorijdagi vatandoshlar va Afrika ishlari vaziri Ahmad Attafga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Qayd etilishicha, u O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi birinchi elchisiga aylangan.
Qisqa marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbatda tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Ahmad Attaf Jazoir va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy aloqalarni yuqori baholab, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalardagi munosabatlarni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, hozirgi o‘zaro savdo hajmi mavjud salohiyatdan ancha past. Shu bilan birga, tog‘-kon sanoati va geologiya, farmatsevtika hamda to‘qimachilik sohalarida katta imkoniyatlar mavjud.
Vazir, shuningdek, aholisi 50 millionga yaqin bo‘lgan Jazoirda O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, ularni Afrika qit’asiga bojsiz eksport qilish imkoniyati borligini qayd etdi. Buning uchun mamlakat iqtisodiy zonalarida savdo uylari, omborlar va ko‘rgazma zallarini tashkil etish, ishbilarmonlar kengashini shakllantirish hamda hukumatlararo komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Ta’lim, tibbiyot va parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ahmad Attaf suhbat yakunida u O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining Jazoirga tashrifini intiqlik bilan kutayotganini bildirib, elchi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi.
47 yoshli Mansurbek Qilichev diplomatiya sohasida 2002-yildan buyon ishlaydi. Vazirlik markaziy apparati va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida ishlagan. 2012−2013-yillarda O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni Podshohligidagi elchixonasi birinchi kotibi, 2013−2019-yillarda O‘zbekistonning Dubay shahridagi (BAA) bosh konsuli bo‘lgan. 2019−2020 O‘zbekiston Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot tahliliy markazi direktori o‘rinbosari — yig‘ma tahliliy bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2020-yildan elchi lavozimiga tayinlangunga qadar Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti direktori o‘rinbosari bo‘lgan. 2021-yil oktabridan buyon u O‘zbekistonning Misrdagi favqulodda va muxtor elchisi hisoblanadi.
Source: www.gazeta.uz