️ Rossiyaning Rostov viloyatida halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosining jasadi vatanga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
️ Rossiyaning Rostov viloyati Bataysk shahrida yashovchi O‘zbekiston fuqarosi B.Yu. O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga murojaat qilib, uyida... yuz bergan yong‘in oqibatida uning voyaga yetmagan nabirasi halok bo‘lganini bildirgan.
️ Ma’lum qilinishicha, B.Yu. Rostov viloyatidagi qurilish obyektlarida mehnat faoliyatini amalga oshirib kelgan. Yong‘in natijasida halok bo‘lgan nabirasi X.A.ning barcha hujjatlari ham yonib ketgan. Shu sababli hujjatlarni rasmiylashtirish hamda marhumning jasadini O‘zbekistonga qaytarishda Rossiya tomoni bilan ayrim muammolar yuzaga kelgan.
️ Qayd etilishicha, Bosh konsulxona ushbu holat bo‘yicha Rossiyaning vakolatli tibbiyot muassasalari bilan zudlik bilan muzokaralar olib borib, voyaga yetmagan o‘zbekistonlikning jasadini qaytarish uchun zarur tashkiliy ishlarni amalga oshirgan.
️ Bosh konsulxona tomonidan murojaatchi nomiga vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirildi. Shuningdek, Migratsiya agentligi jamg‘armasi hisobidan marhumning jasadi Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Krasnodar — Toshkent yo‘nalishi orqali O‘zbekistonga olib kelindi.
️ Avvalroq Polshada hujjatlarini yo‘qotgan va salomatligi bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan 5 nafar o‘zbekistonlik elchixona va Migratsiya agentligi ko‘magida vatanga qaytarilgan edi. Shuningdek, yurak xurujidan vafot etgan bir fuqaroning jasadi ham O‘zbekistonga olib kelingan.