Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Do‘stlik kanalida 2025-yil dekabr oyida, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, IIB xodimi tomonidan urib yuborilib, suvga tashlangan 43 yoshli erkakning jasadi aniqlandi. Bu haqda “Daryo” nashriga marhumning qarindoshlari xabar bergan.

Jasad 28-fevral kuni soat 10:30 da topilgan. Marhumning qarindoshi Shahzod Ummatqulovning so‘zlariga ko‘ra, jasad qumga ko‘milib qolgan edi. Murda IIB xodimi va uning xotini suvga tashlab yuborgan oqimning quyi qismidan, suvga tashlangan joydan 4 km uzoqlikdagi yulg‘un butalari ostidan topilgan.

Avvalroq Toshkent viloyati hokimi ko‘magida Do‘stlik kanalidagi suv oqimi qisman to‘silib, suv sathi tushirilgan edi. Qidiruv ishlarida FVV qutqaruvchilari, mahalla aholisi va marhumning qarindoshlari — jami 150 nafarga yaqin kishi ishtirok etgan, ammo o‘shanda jasad topilmagan.

2025-yil 11-dekabr kuni Bo‘ka-Bekobod avtomobil yo‘lida Nexia-3 avtomashinasini boshqargan IIB xodimi 43 yoshli erkakni urib yuborgan. Kun.uz nashri yozishicha, u mast holatda bo‘lgan. YTHdan so‘ng u turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, Matiz avtomashinasida yetib kelishini so‘ragan. Jabrlanuvchi Nexia’dan Matiz’ga o‘tkazilib, voqea joyidan olib ketilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, erkak avtohalokat joyidan taxminan 35−40 km uzoqlikda joylashgan Do‘stlik kanaliga tashlab yuborilgan.

Jasad hodisadan 80 kun o‘tib topildi.

Tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) va 117-moddasi 2-qismi (Xavf ostida qoldirish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi qamoqqa olingan.

Source: www.gazeta.uz