O‘zbekistonda inflyuenserlar va bloggerlar faoliyatini qonuniy asosga o‘tkazish maqsadida keng ko‘lamli ishlar boshlangan. Soliq qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijasida eng faol 110 nafar blogger aniqlanib, ularning 55 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor, 22 nafari esa jismoniy shaxs sifatida faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘mita mutaxassislari ta’kidlashicha, o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs maqomi xodim yollash huquqini bermaydi. Biroq amalda ko‘plab yirik bloggerlar shtatdagi administrator, operator va yordamchilardan iborat jamoalar bilan ishlaydi. Bu holat ularning faoliyatini qonuniy nuqtai nazardan muammoli qiladi.
Alohida e’tibor 3 milliondan ortiq obunachiga ega oltita top-blogerga qaratilgan. 2025-yil davomida ular jami 360 ta storis va 184 ta reklama posti joylashtirgan. Rasmiy elektron schyot-fakturalar bo‘yicha ularning umumiy daromadi 2,7 milliard so‘mni, to‘langan soliqlar esa 110,4 million so‘mni tashkil etgan.
Bloggerlar hamjamiyati bilan uchrashuvda mutaxassislar reklama daromadlarini soliqqa tortish bo‘yicha qonunchilik normalarini tushuntirgan. Shuningdek, o‘tish davrini yengillashtirish uchun o‘quv tadbirlari o‘tkazish taklif qilingan.
Bir yil oldin, 7-may kuni O‘zbekistonda birinchi marta qonunchilik darajasida blogger va inflyuenser tushunchalarini ajratish rejalashtirilgan edi. O‘sha paytda taqdim etilgan qonun loyihasiga ko‘ra, bloggerlar uchun majburiyatlar yumshatilib, inflyuenserlar uchun aniq javobgarlik normalari joriy etilishi kutilgan.
Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari qo‘mitasida bildirilgan ushbu tashabbus media-biznes uchun shaffof sharoit yaratish va fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan. Hujjat foydalanuvchilar huquqlarini kuchaytirish, yolg‘on ma’lumot va zararli kontentdan himoya qilish, shuningdek, raqamli makonda fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish kafolatlarini o‘z ichiga oladi.
Source: podrobno.uz