Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yilda O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish yo‘lidagi ishlar va 2026-yil uchun vazifalar taqdimoti bilan tanishdi.

6-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘tgan yil davomida ko‘p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralarda sezilarli natijalarga erishilgani qayd etildi. Xususan, ishchi guruhining ikki yig‘ilishi o‘tkazilib, JST a’zolariga 200 dan ortiq savolga javob va 30 dan ortiq tashqi savdo hujjatlari taqdim etildi.

Ikki tomonlama muzokaralar doirasida 40 dan ortiq raund o‘tkazildi. 11 davlat bilan muzokaralar yakunlanib, umumiy son 33 taga yetdi.

JST a’zolari O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish munosabati bilan olib borilayotgan faol islohotlarni ijobiy baholamoqda. O‘tgan yil davomida 68 ta qonun hujjati JST normalari va xalqaro standartlarga moslashtirildi.

JST qoidalariga uyg‘unlashtirish doirasida intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari soddalashtirildi, ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi, eksport cheklovlari bekor qilindi va shaffof mexanizm bilan eksport bojlari joriy etildi, shuningdek, ayrim tovarlar uchun minimal eksport narxlarini belgilash amaliyoti to‘xtatildi.

Savdodagi texnik to‘siqlarni qisqartirish va sanitariya hamda fitosanitariya sohasidagi islohotlar doirasida yuqori xavfli tovarlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning byurokratik tartibi o‘rniga sertifikatsiya joriy etildi. Oziq-ovqat xavfsizligi nazorati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga topshirildi, 14 ta oziq-ovqat mahsuloti bo‘yicha texnik reglament bekor qilindi, 747 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha majburiy sertifikatsiya talablari olib tashlandi va ularning ro‘yxati 27 foizga qisqartirildi.

Taqdimotda, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi va savdoni himoya qilish choralari to‘g‘risidagi yangi qonunlarning qabul qilinishi, sanitariya, veterinariya va karantin sohasiga xavf tahlili, kuzatish va ilmiy asoslilik tartiblarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari joriy yilda O‘zbekistonning JSTga to‘liq a’zo bo‘lishini rasmiylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini sifatli amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi qonunchilikni JST qoidalari va xalqaro savdo standartlariga to‘liq moslashtirish, JSTga kirish bo‘yicha ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muzokaralarni yakunlash hamda a’zolikni rasmiylashtirish bo‘yicha tizimli choralar belgilandi.

Source: kun.uz