Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 1920−1934-yillarda sovet hukmronligi davrida qatag‘on qilingan 161 nafar shaxsga oid 8 ta jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Ushbu shaxslar bosmachilik harakatlariga moddiy yordam berish, qurolli to‘da tuzish, sovet hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olonlar va aksilinqilobiy harakatda ayblangan edi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova tomonidan keltirilgan kassatsiya protestlari asosida 2026-yil 6-may kuni Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Usmanov raisligida ochiq sud majlislari o‘tkazildi. Natijada, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan, barcha 161 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi.

“Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori Bahtiyor Hasanovning ta’kidlashicha, Prezidentning 2020-yil 8-oktabrdagi PF-5598-son farmoyishi asosida tarixchi olimlar qatag‘on davrini chuqur o‘rganishga kirishgan. Farmoyish bilan NKVD, Ichki ishlar vazirligi, Prezident devoni va davlat milliy arxivlarining maxfiy bo‘linmalari ochib berilgan.

Hasanovning aytishicha, o‘sha davrdagi tergovlar oldindan yozilgan ssenariy asosida o‘tkazilgan va barcha ayblovlar 56, 57, 58, 66 yoki 67-moddalar bilan “aksilinqilobchi” yoki “xalq dushmani” sifatida qo‘yilgan. Uchliklar tomonidan hal qilingan bu ishlarda na sud jarayoni, na tergov bo‘lgan.

Qatag‘on qilinganlar orasida nafaqat davlat arboblari, adabiyot va san’at namoyandalari, balki oddiy odamlar ham bor. Masalan, Nosirxon To‘ra va Kamolxon To‘raning ishi bo‘yicha ko‘plab shaxslar otilgan. Tohir Abduzoyitov 30 yoshida, Saydolim Sharipov 46 yoshida qatag‘on qilingan.

Roziq Turg‘unov ismli fuqaroning bobosi Mulla Turg‘un Abdullayev ham shu ishlar doirasida otuvga hukm qilingan. Uning aytishicha, bobosining nomini oqlash uchun ko‘plab tashkilotlarga murojaat qilgan, ammo hujjatlar topilmagan. Keyinchalik “Shahidlar xotirasi” muzeyi yordamida arxiv hujjatlaridan ma’lumotlar topilgan.

Hozirgacha sovet davrida qatag‘on qilingan 1236 nafar vatandosh reabilitatsiya qilinib, oqlangan. Bu jarayon davom etmoqda.

Source: www.gazeta.uz