Varshavada shaxmat bo‘yicha nufuzli Grand Chess Tour seriyasining 11-mavsumi boshlandi. Ushbu seriya dunyoning eng kuchli grossmeysterlarini birlashtiradi. An’anaga ko‘ra, marafon rapid va blits turnirlari bilan ochildi. Unda o‘zbek shaxmat maktabining yorqin vakili Javohir Sindarov ham ishtirok etmoqda.
Dastlabki kunlarda vatandoshimizning natijalari turlicha bo‘ldi. Rapid yo‘nalishida Sindarov ishonchli boshladi: birinchi turlarda u amerikalik Xans Niman va polyak Yan-Kshishtof Duda bilan durang o‘ynadi, uchinchi turda esa yana bir mezbon Radoslav Voytashekni mag‘lub etdi. Biroq ikkinchi o‘yin kuni juda og‘ir kechdi – Javohir uchala partiyada ham yutqazdi: Uesli So, amaldagi jahon chempioni Gukes Dommaraju va Maksim Vashye-Lagravga. Olti tur yakuniga ko‘ra, Sindarov 4 ochko to‘plab, 9-o‘rinni egalladi. Turnir jadvalida Xans Niman va Uesli So 9 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.
2026 yilgi turnir nafaqat yulduzli tarkibi, balki qattiqlashtirilgan qoidalari bilan ham ajralib turadi. Tomoshaboplikni oshirish maqsadida o‘yinchilarga durang taklif qilish taqiqlangan – tinch yakun faqat hakam tomonidan uch karra takrorlanish yoki 50 yurish qoidasiga ko‘ra qayd etiladi. Shuningdek, kechikish uchun qattiq jazo choralari joriy etilgan: rapid yoki blitsda 3 daqiqadan ortiq kechikish texnik mag‘lubiyatga olib keladi.
Javohir Sindarov turnirda maxsus taklifnoma (wildcard) asosida ishtirok etmoqda. Ishtirokchilarni yana 18 tur blits-marafon kutmoqda, bu bosqich 200 ming dollarlik mukofot jamg‘armasini taqsimlashda hal qiluvchi bo‘ladi. Mavsum yakuniga ko‘ra eng kuchli to‘rtlik dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan va 450 ming dollar mukofot jamg‘armasiga ega grand-finalga yo‘llanma oladi.
Source: podrobno.uz