Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova 21-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari ko‘payayotganini ma’lum qildi. Vazirning ta’kidlashicha, vazirlik hech qachon bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamaydi va ularga qarshi.
“Majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab xabarlar chiqadi. Bunday holatlar ko‘pincha tegishli mahalliy hokimliklar va boshqalarning tashabbusi bilan bo‘ladi. Ba’zan maktab direktori yoki bog‘cha mudirasi ham aybdor hisoblanadi”, – dedi Karimova.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ta’lim muassasalari rahbarlarining huquqiy bilimi yetarli emasligi sababli ular vazirlik yoki viloyat bo‘limlarini xabardor qilmaydi. “Biz bundan ijtimoiy tarmoqlarga chiqqanidan keyin xabar topamiz”, – deya qo‘shimcha qildi u.
Shu bilan birga, vazir tarmoqlarda tarqalgan ba’zi xabarlar o‘z tasdig‘ini topmasligini ham ta’kidladi. “Maktablarimizda shtat asosida ishlaydigan texnik xodimlar bor. Ularni obodonlashtirish ishlariga jalb qilish mumkin va bu ularning lavozim majburiyatiga kiradi”, – dedi u.
Matbuot anjumanida 2026-yil yanvarida Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 37-maktab o‘qituvchilarining Yangi yil bayrami kunlari navbatchilik qilishga majburlangani haqidagi holatga ham izoh berildi. Vazir o‘rinbosari Temur Komilov bu borada tarqalgan xatga o‘zi imzo qo‘yganini, ammo topshiriq ta’lim muassasalariga emas, balki davlat boshqaruv organlarining hududiy bo‘linmalariga yo‘naltirilganini aytdi.
“Agar xatdagi topshiriqlar 10 200 ta maktabning hammasida ijro qilinganida, xat ta’lim muassasalariga yo‘naltirilgan degan fikrga qo‘shilgan bo‘lardim”, – dedi Komilov. U vazirlik majburiy mehnatga qat’iy qarshi ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiyevning ma’lumotiga ko‘ra, Buvayda masalasi o‘rganilgan va boshqa maktab direktorlari viloyat yoki tuman boshqarmasi tomonidan navbatchilik qilish topshirig‘i berilmaganini aytgan. “Maktab direktori ishdan olinib, keyin tiklandi degan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Direktor o‘rinbosariga direktorlik vazifasi yuklangan edi, keyin u o‘z vazifasiga qaytdi”, – dedi Turdiyev.
Avvalroq vazir Karimova maktab remontiga ota-onalardan pul yig‘ishga qarshi ekanini bildirgan edi. Vazir o‘rinbosari Komilov esa pedagoglar ta’mirlash ishlariga jalb etiladigan mardikor emasligini ta’kidladi.
Source: www.gazeta.uz