Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Mirzo-Ulug‘bek tuman sudida bloger va tadbirkor Sanjar Karimov (Real Sanjik) ishi bo‘yicha to‘rtinchi va eng uzoq davom etgan sud majlisi yakunlandi. Unda asosiy e’tibor notarius idorasida pul o‘tkazilganmi-yo‘qmi va yuz minglab dollarlar qayerga ketgani – kriptobiznesga yoki eski qarzlarni to‘lashgami – degan masalalarga qaratildi.

Avvalroq Shaxzod Rismatovning guvohliklari haqida yozgan edik. U hozirda 9 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan koloniyadan videoaloqa orqali ishtirok etdi. Rismatovning so‘zlariga ko‘ra, uni BAAda pasportsiz ushlab turishgan, Toshkentda esa uning va kelinning oilalaridan uylarni tortib olishgan. U 235 ming dollarlik SWIFT-chekni soxta deb atadi va bu qarindoshlarni notariusda hujjatlar imzolashga ko‘ndirish uchun ishlatilganini aytdi.

Rismatov avvalgi ko‘rsatmalaridan rasman voz kechdi va ularni yolg‘on deb atadi. Uning yangi versiyasiga ko‘ra, hammasi Karimovning Dubayda umumiy byudjeti 600 ming dollar bo‘lgan kriptoayirboshlash shoxobchasini ochish taklifidan boshlangan. Oilalar shu loyiha uchun uylarini garovga qo‘yishga rozi bo‘lishgan, ammo garov shartnomasi o‘rniga sotuv hujjatlarini imzolashgan.

Sud notariusni chaqirdi. U 2024-yil 7-avgustda Shaxlo Olimboyeva va Sanjar Karimov o‘rtasida oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirganini tasdiqladi. Notarius hujjatni har bir bandini alohida o‘qib berganini va hech qanday e’tiroz bo‘lmaganini aytdi. Biroq Karimovning 240 ming dollarni qora paketda topshirgani haqidagi versiyasini rad etdi: “Men pullarni ko‘rmadim”. Uning so‘zlariga ko‘ra, Karimovning qo‘lida paket emas, balki soyabon, shlyapa va portfel bo‘lgan.

Keyin guvoh Ibrohim Mollanov tinglandi. U Karimov himoyasining versiyasini tasdiqladi: Mollanov Rismatovga qarzdor bo‘lgan xususiy kreditor edi. Mollanovning aytishicha, ular 2024-yil yanvarida smartfonlar sotib olish biznesiga sarmoya kiritishgan. U amakisidan 272 ming dollar olib, Rismatovga bergan. Rismatov har oy 24 ming dollar to‘lashi kerak edi, jami 168 ming dollar to‘lagan. Shuningdek, Rismatovdan BMW M3 uchun 100 ming dollar qarzdor edi, shundan 46 ming dollar to‘langan.

Mollanovning so‘zlariga ko‘ra, 7-avgust kuni kechqurun Rismatov uning uyiga qora Kia bilan kelib, 200 ming dollar qora paketda topshirgan. Keyinroq “Efendi” oldida yana 50 ming dollar, ikki kundan keyin esa 46 ming dollar bergan. Mollanov qolgan 54 ming dollar qaytarilsa, da’vo qilmasligini aytdi.

Sud majlisida so‘z olgan Sanjar Karimov qo‘shimcha guvoh – notarius yordamchisi In’omni chaqirishni iltimos qildi, ammo sud rad etdi. Karimov Rismatov bilan uzoq vaqt masofaviy munosabatda bo‘lganini, u “oddiy kalyanchi yigit” ekanini aytdi. 6-avgust kuni Rismatov uni uyida kuzatib, Aktepadagi uyni sotib olishni iltimos qilgan. Karimov rozi bo‘lib, 7-avgust kuni notariusga kelgan.

Karimovning so‘zlariga ko‘ra, u Olimboyevlar oilasi bilan birinchi marta notariusda uchrashgan va ularning Rismatov bilan qarindoshligini bilmagan. U uy egasidan Rismatov kimligini so‘ragan va “kuyovim” degan javobni olgan. Shundan keyin shartnoma imzolangan. Karimov pulni papkada olib kelganini va stolga qo‘yganini, hatto suratga olganini aytdi.

Karimov: “Men hech kimni aldamaganman va uyni qaytarib berishga tayyorman, faqat meni qo‘yib yuboring”, – dedi. U Rismatovning qarzlari va kriptobiznes loyihasi haqida hech narsa bilmasligini ta’kidladi.

Source: podrobno.uz