️ Markaziy bank tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalarda kartadan kartaga pul o‘tkazmalari amalga oshirilayotganda operatsiya maqsadini ko‘rsatish funksiyasini ixtiyoriy ravishda joriy etish imkoniyatini berdi. Bu qaror prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida qabul qilingan.
️ Regulyator avvalroq banklarga yuborgan xatda ushbu funksiyani joriy etish talab qilingan edi, lekin hozirda bu talab normativ-huquqiy hujjatlarda rasmiy aks topmagan. Xatda ogohlantirish ham mavjud: talablar o‘z vaqtida yoki to‘liq bajarilmagan taqdirda, tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar va sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.
️ Markaziy bank ushbu funksiyani joriy etish banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalarining texnik imkoniyatlari hamda xususiyatlarini inobatga olgan holda amalga oshirilishini aniqlashtirdi. “Mijozlar uchun raqamli xizmatlar qulayligini oshirish maqsadida tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari o‘zlarining ichki siyosati va texnik imkoniyatlaridan kelib chiqib, mobil ilovalardagi P2P o‘tkazmalarda operatsiya maqsadini ko‘rsatish funksiyasini ixtiyoriy ravishda joriy etishlari mumkin”, deyiladi regulyatorning xabarida.
️ Banklar funksiyani amalga oshirish formatini mustaqil ravishda belgilashlari mumkin bo‘ladi – masalan, o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish uchun parametrlar ro‘yxatini kengaytirishi yoki qisqartirishi mumkin. Regulyator, shuningdek, banklar va to‘lov tashkilotlaridan ushbu mexanizmni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamentiga yuborishni so‘radi.
️ Markaziy bank taklif etilayotgan o‘zgarishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad onlayn platformalar o‘rtasidagi raqobatni rivojlantirish va naqd pulsiz hisob-kitoblardan foydalanishni kengaytirish ekanini ta’kidladi. Biroq, amalda bu yangilik bank ilovalari foydalanuvchilari uchun raqamli servislar qulayligini oshirishga qanchalik yordam berishi aniq emas.
️ Gazeta so‘roviga javoban Markaziy bankning aniqlik kiritishicha, “o‘tkazma maqsadi” funksiyasining o‘zini joriy etish ham, uning parametrlarini belgilash ham ixtiyoriy hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, ayrim to‘lov servislari va banklar allaqachon kartadan kartaga pul o‘tkazmalarida o‘tkazma maqsadini majburiy ko‘rsatishni nazarda tutuvchi yangi funksiyani joriy etishgan, bu esa foydalanuvchilarga 16 ta toifadan birini tanlashni talab qiladi.
Source: www.gazeta.uz