Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ Xorazm viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 5,7 foizga oshirish, shuningdek, bioetanol ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan yangi loyihalarni amalga oshirish rejalari e’lon qilindi. Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida bu haqda ma’lumot berdi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.

️ Abdurahmonovning ta’kidlashicha, “Qishloq xo‘jaligi sohasida juda katta marralarni oldik. Ishlab chiqarish sur’atlarini 5,7 foizga oshirish masalasi turibdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan ancha yuqoridir. G‘alladan gektariga 100 sentnerdan, paxtadan esa 51,7 sentnerdan hosil olishimiz kerak. Bular bo‘yicha barcha hisob-kitoblar qilingan”. Vazir shuningdek, hukumat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va muqobil yoqilg‘i turlarini rivojlantirish bilan bog‘liq yangi loyihalarni ishga tushirishni maqsad qilganini aytdi.

️ Xususan, Tuproqqal’a tumanida 1000 gektar yerni o‘zlashtirish hamda bioetanol ishlab chiqarish loyihasini jadallashtirish rejalashtirilmoqda. Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda 500 gektar maydonga raps ekiladi va undan keyinchalik bioetanol olish rejalashtirilgan. “Uning afzalligi shundaki, bu ekologik toza yoqilg‘i hisoblanadi. Benzin bilan aralashtirilganda, u atrof-muhitga zararli ta’sirni sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi. Prezident buni Xorazm tajribasi bo‘lsin, dedilar”, deb ta’kidladi vazir.

️ 2025-yil may oyidayoq prezident Slovakiya kompaniyasi Tuproqqal’a tumanidagi 500 gektar qumli yerlarni o‘zlashtirish uchun 10 mln dollar investitsiya kiritganini ma’lum qilgan edi. Investor yana 4500 gektar qumli maydonlarni qishloq xo‘jaligi muomalasiga kiritish orqali loyihani kengaytirish niyatida. Keyingi bosqichni amalga oshirish uchun yana 170 mln dollar investitsiya yo‘naltirish rejalashtirilgan bo‘lib, loyihaning asosiy yo‘nalishi raps yetishtirish va bioetanol ishlab chiqarish bo‘ladi.

️ Shuningdek, ekologik toza o‘g‘itlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan. Vazirning aytishicha, “Biz Avstraliya kompaniyasi bilan hamkorlikda ekologik toza bioo‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi topshiriq oldik. Ushbu loyiha Xorazmda tajriba tariqasida amalga oshiriladi va quyosh energiyasidan foydalanishga asoslanadi. Kelajakda bu kabi loyihalarni cho‘l hududlarida ham kengaytirish rejalashtirilgan”.

️ Bundan tashqari, viloyatda yetishtirilgan guruch eksporti imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda. Abdurahmonovning ma’lum qilishicha, “Prezident iqtisodiyot doim aylanib turishi kerakligini aytadi. Shu munosabat bilan, alohida eksperiment sifatida Xorazmda yetishtirilgan guruchni eksport qilish bo‘yicha hisob-kitoblarni qisqa muddatlarda ishlab chiqish topshirildi”. Shu bilan birga, vazir ta’kidlaganidek, guruch eksport qilinganda ichki ehtiyojni to‘liq qondirish ta’minlanishi zarur.

️ Eslatib o‘tamiz, 2026-yilda Xorazm viloyatiga 2 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 510 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Pitnakdagi avtomobil zavodini to‘laqonli mashinasozlik klasteriga aylantirish va 1,6 mlrd dollarlik infratuzilmani modernizatsiya qilish asosiy vazifalar etib belgilangan.

Source: www.gazeta.uz