Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ Jahon bozorida oltinning yuqori narxlariga qaramay, O‘zbekiston ketma-ket to‘rt oydan beri oltin eksportini amalga oshirmayapti. Gazeta O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy faoliyati bo‘yicha Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarini o‘rgandi. ️ O‘zbekiston oxirgi marta 2025-yilning... sentabr oyida 1,47 mlrd dollarlik (shuningdek, oktabrda 0,3 mln dollarlik) oltin sotgan. 2025-yil yakuniga ko‘ra, qimmatbaho metall yetkazib berish hajmi 9,9 mlrd dollardan oshib, yangi mutlaq rekordni o‘rnatdi. Jami eksportda oltinning ulushi 29,2 foizni tashkil etdi. ️ Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvarda ham oltin eksporti amalga oshirilmadi. ️ 2026-yil 1-fevral holatiga O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi 75,08 mlrd dollarga yetdi. O‘tgan yilning avgust-sentabr oylarigacha nisbatan barqaror saqlangan mamlakat zaxiralari oktabr oyidan boshlab yuqori sur’atda o‘sib, o‘z tarixiy maksimumlarini yangilab kelmoqda. ️ Yanvar oyida oltin-valyuta zaxiralari hajmi 8,76 mlrd dollarga (+13,2 foiz), yillik hisobda (o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan) esa 32,2 mlrd dollarga (+75 foiz) ko‘paygan. ️ Zaxiralar o‘sishi asosan undagi oltin qiymatining oshishi hisobiga ta’minlandi. Zaxiralardagi oltinning qiymati o‘tgan oyga nisbatan 9,9 mlrd dollarga (+17,9 foiz) oshib, qariyb 65 mlrd dollarni tashkil etdi. Yanvar oyida regulyator oltin zaxiralarini fizik hajmda taxminan 12,8 mln troy unsiyagacha (+0,2 mln unsiya) oshirdi. ️ Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi oyida O‘zbekiston Markaziy banki o‘tgan yilning oktabridan beri davom etayotgan xaridlar seriyasini davom ettirib, 9 tonna oltin sotib oldi. Shunday qilib, MBning oltin zaxirasi 399 tonnaga yetdi. O‘zbekiston oltin zaxiralarining o‘sishi juda tez sur’atlarda kechmoqda, deydi WGC. 2020-yilning shu davrida oltin umumiy zaxiralarning 57 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil yanvar holatiga uning zaxiralardagi ulushi 86 foizgacha o‘sdi. ️ Umuman, yanvar oyidagi xaridlarda Markaziy va Sharqiy Osiyo markaziy banklari yetakchilik qildi. Markaziy Osiyoda har ikki yo‘nalishda ham faollik kuzatildi: O‘zbekiston 9 tonnalik xarid bilan eng yirik xaridorlar qatoridan joy olgan bo‘lsa, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘z oltin zaxiralarini bir tonnadan kamaytirdi. ️ 2026-yilning dastlabki oyida markaziy banklar tomonidan oltin xaridi. ️ Rossiya bu oyda eng yirik sotuvchiga aylandi (9 tonna). ️ Undan keyingi o‘rinda — Bolgariya Milliy banki (2 tonna). Bolgariya mamlakatning 2026-yil 1-yanvarda yevro valyutasiga o‘tishi va Yevropa Ittifoqining 21-a’zosiga aylanishi doirasida oltinni Yevropa Markaziy bankiga o‘tkazdi. ️ Bu oyda oltin sotib olgan boshqa markaziy banklar qatoriga Chexiya (2 tonna), Indoneziya (2 tonna), shuningdek, Xitoy va Serbiya (har biri 1 tonnadan) kiradi. Xitoyning ketma-ket 15 oy davomida oltin xarid qilishi uning oltin zaxiralari hajmini umumiy zaxiralarining qariyb 10 foiziga yetkazdi. ️ Malayziya Milliy banki yanvar oyida 3 tonna oltin sotib olib, oltin xaridorlari orasida yangi nom bo‘ldi — bu bankning 2018-yildan beri zaxiralarni birinchi marta oshirishi. Markaziy bank yanvar oyi oxiriga kelib o‘z oltin zaxirasini 42 tonnaga, ya’ni umumiy zaxiralarining 5 foiziga yetkazdi. ️ WGC`ning qayd etishicha, geosiyosiy noaniqlik markaziy banklar tomonidan oltin xarid qilinishining doimiy sababi bo‘lib qolmoqda, yanvar oyidagi yuqori volatillik esa e’tiborga molik istisno bo‘ldi. ️ Yil boshida markaziy banklarning oltin xarid qilish sur’ati oldingi 12 oylik o‘rtacha ko‘rsatkich — 27 tonnaga nisbatan sekinlashdi. Yanvar oyi uchun sof xaridlar hajmi jami 5 tonnani tashkil etdi. Oltin narxlarining o‘zgaruvchanligi va bayramlar mavsumi ayrim markaziy banklarni biroz to‘xtatib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Biroq pasayish alomatlari ko‘rinmayotgan geosiyosiy keskinliklar, katta ehtimol bilan, 2026-yil va undan keyingi davrlarda ham zaxiralarni to‘ldirish jarayoni davom etishiga sabab bo‘ladi, deydi WGC.

Source: www.gazeta.uz