️ Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) 2026-yil uchun O‘zbekiston YAIM o‘sish prognozini 6,5 foizgacha oshirdi. O‘tgan yilning sentabrida bank 2026-yilgi mamlakat YAIM o‘sishini 6 foiz darajasida prognoz qilgan edi.
️ YeTTBning fevral oyida e’lon qilingan mintaqaviy iqtisodiy... istiqbollar sharhiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sur’ati 2024-yildagi 5,9 foizdan 2025-yilda taxminan 6,9 foizgacha ko‘tarildi. Bu, sharhda aytilishicha, iste’mol hajmining ortishi, kreditlashning jadal o‘sishi, barqaror pul o‘tkazmalari va yuqori investitsiyalar bilan izohlanadi. Bank 2026-yilda mintaqada o‘rtacha o‘sish sur’ati bo‘yicha prognozlarini yirik investitsiya loyihalari, xususan, Qirg‘iziston va Tojikistondagi loyihalar hisobiga 5,6 foizgacha oshirdi (sentabrdagi prognozga ko‘ra 5,2 foiz edi). Mintaqada o‘sish sur’ati 2027-yilda 5,3 foizgacha mo‘tadillashishi kutilmoqda.
️ Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yilgi 6,7 foizlik o‘sishdan so‘ng 2025-yilda O‘zbekiston YAIM o‘sish sur’ati 7,7 foizgacha tezlashdi. 2026-yilda o‘sish 6,5 foizgacha, 2027-yilda 6 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.
️ Sharhda aytilishicha, 2025-yilning yanvar-oktabr oylarida AQShning Xitoydan importi hajmi keskin qisqarishi hisobiga O‘zbekiston, Qozog‘iston va Kot dʼIvuar AQSh importni absolyut raqamlarda (nominal AQSh dollarida) eng ko‘p oshirgan mamlakatlar bo‘ldi. AQSh importining foiz hisobida eng tez o‘sishi esa O‘zbekiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri keldi. Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar-oktabrida AQShning Xitoydan importi 27 foizga qisqargan, ayni paytda dunyoning qolgan mamlakatlaridan import 12,6 foizga o‘sgan.
️ Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston AQShga qimmatbaho metallar yetkazib berish bo‘yicha yuqori ulushga ega bo‘ldi. Eksportning o‘sishi nafaqat narxlarning ko‘tarilishi, balki jismoniy yetkazib berish hajmining ortgani bilan ham izohlanadi. Tahlilchilarning fikricha, bu sun’iy intellekt sohasida qo‘llaniladigan komponentlarga talab ortgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
️ Jahon banki o‘zining yanvar oyidagi hisobotida 2026-yilda O‘zbekiston YAIM o‘sishi prognozini 6 foizga yaxshiladi. Bank hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2026-yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlar top-3 taligiga kiradi.
️ Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sgan. Mamlakatning davlat budjeti to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, hukumat 2026-yilda YAIM o‘sishini 6,6 foiz darajasida prognoz qilmoqda.