Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri hokimligi va Yashnobod tumani hokimligi “Aviasozlar” bozori (xalq orasida “Kadishev bozori” nomi bilan tanilgan) hududida savdo rastalari buzilayotgani haqidagi ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Yashnobod tumani hokimligi axborotiga ko‘ra, olib borilayotgan ishlar bozorning rasmiy savdo rastalariga taalluqli emas. Gap bozor atrofi va unga tutash hududlarda tashkil etilgan tartibsiz savdo nuqtalari haqida ketmoqda.

Tuman hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim fuqarolar mazkur hududda tegishli ruxsatnomalarsiz va sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilmasdan meva-sabzavot savdosini amalga oshirgan. Hozirda noqonuniy savdo nuqtalarini bartaraf etish va tadbirkorlarni maxsus ajratilgan savdo joylariga ko‘chirish ishlari olib borilmoqda.

Keyinroq Toshkent shahri hokimligi ham munosabat bildirib, “Aviasozlar” bozori va uning savdo rastalari buzilayotgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Shahar hokimligi qo‘shimcha qilishicha, bozorga tutash hududda meva-sabzavotlar bilan bir qatorda go‘sht mahsulotlari va kalla-pocha ham ruxsat beruvchi hujjatlarsiz hamda sanitariya talablarini buzgan holda sotilgan. Mahsulot sifati nazorati va zarur sanitariya sharoitlarining yo‘qligi oziq-ovqat xavfsizligi uchun xavf tug‘dirgan.

Hokimlik, shuningdek, tartibsiz savdo piyodalar va transport harakatiga xalaqit berib, tirbandliklar, odam to‘planishi va tartibsiz avtoturargohlarga sabab bo‘lganini qayd etdi.

Shahar ma’muriyati ma’lum qilishicha, mazkur hududda savdo qilgan shaxslarga bozor hududidagi maxsus ajratilgan qonuniy joylar taklif etilmoqda.

Hokimlikka ko‘ra, ishlar yakunlangach, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek avtomobillar uchun turargoh tashkil etish rejalashtirilgan. Bu tartibsiz avtoturargohlarni kamaytirish, hududga kirishni xavfsiz va qulay qilish hamda yaqin atrofdagi ko‘chalardagi yuklamani pasaytirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Avvalroq Toshkentda yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilgani sababli “Aviasozlar” dehqon bozori, Shayxontohur tumanidagi dehqon bozori hamda Chilonzor tumanidagi buyum bozorining ayrim bloklari yopilgan edi.

Source: www.gazeta.uz