Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) eksperti Reychel Snou Shimoliy Makedoniya poytaxti Skopye shahrida bo‘lib o‘tgan Demografik chidamlilik bo‘yicha mintaqaviy vazirlar konferensiyasida tug‘ilish darajasini oshirishga qaratilgan ko‘plab choralar samarasiz ekanligini ta’kidladi.

Snouning so‘zlariga ko‘ra, soliq imtiyozlari yoki bir martalik moliyaviy yordam kabi rag‘batlantirish usullari tug‘ilishning barqaror o‘sishiga olib kelmaydi. U Janubiy Koreya misolini keltirib, bu davlat 20 yil ichida 270 milliard dollar sarflaganiga qaramay, natija deyarli yo‘qligini aytdi.

Ekspert Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda demografik vaziyat keskin o‘zgarayotganini, ayrim mamlakatlarda tug‘ilish darajasi juda past ekanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, 63 mamlakat va hududda aholi soni allaqachon pasayish bosqichiga o‘tgan.

Snou hukumatlarga tug‘ilishni rag‘batlantirish o‘rniga, inson kapitaliga sarmoya kiritish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, shuningdek, ayollar va erkaklar o‘rtasida uy yumushlarini adolatli taqsimlashni tavsiya qildi. U, shuningdek, migratsiya siyosatini yumshatish va keksalarga g‘amxo‘rlik tizimini rivojlantirish muhimligini aytdi.

Source: www.gazeta.uz