O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Polshada o‘tayotgan Super Rapid & Blitz Poland turnirining rapid qismida 8-o‘rinni egalladi.
Avvalgi kuni ketma-ket uchta mag‘lubiyatga uchragan Sindarov uchinchi o‘yin kunida mumkin bo‘lgan 6 ochkodan 4 ochko to‘pladi: u Fedoseyevni mag‘lub etdi, keyin esa Fabiano Karuana va Alireza Firuja bilan durang o‘ynadi.
Chess.com yozishicha, Fedoseyevga qarshi partiyada Sindarov “ajoyib o‘yin” namoyish etdi. Ikkinchi kun omadsiz bo‘lganiga qaramay, o‘zbekistonlik shaxmatchi murakkab vaziyatlardan qochmadi va o‘ziga xos uslubda 11.Nxe5 yurishi bilan kurashga kirishdi. Uning jasorati o‘zini oqladi: ikki yengil figuraga qarshi rux va ikki piyoda bilan kechgan endshpilda Sindarov partiyani g‘alaba bilan yakunladi.
Shundan so‘ng Sindarov amerikalik Fabiano Karuana va fransiyalik Alireza Firuja bilan durang o‘ynadi. Karuanaga qarshi partiyada u jahonning to‘qqizinchi chempioni Tigran Petrosyan uslubida sifatni qurbon qildi va oq kataklar ustidan ustunlikka erishdi. Chess.com bahosiga ko‘ra, bu ustunlik bergan, ammo hal qiluvchi zarba uchun yetarli bo‘lmagan.
Rapidning to‘qqiz turidan so‘ng Sindarov 16 imkoniyatdan 8 ochko to‘plab, yetakchilardan ortda borayotgan shaxmatchilar guruhidan joy oldi. Maksim Vashe-Lagravda ham shuncha ochko bor. Alireza Firuja 6 ochko, Radoslav Voytashek esa 5 ochko to‘plagan. Turnir peshqadami 13 ochko bilan amerikalik Xans Nimann bo‘lib turibdi. Ikkinchi o‘rinda 12 ochko bilan Uesli So, uchinchi o‘rinda esa 11 ochko bilan Vladimir Fedoseyev bormoqda.
Super Rapid & Blitz Poland turniri Grand Chess Tour seriyasiga kiradi va 5−10-may kunlari Polshada o‘tmoqda. Rapid bahslarida har bir ishtirokchiga 25 daqiqadan vaqt nazorati va har bir yurishdan so‘ng 10 soniya qo‘shib berildi. Blitsda esa har bir yurish uchun 5 daqiqa vaqt nazorati va 2 soniya qo‘shib beriladi. Rapidda g‘alaba uchun 2 ochko, durang uchun 1 ochko, mag‘lubiyat uchun 0 ochko beriladi. Blitsda esa ochkolar odatiy tizim — 1 / 0,5 / 0 bo‘yicha hisoblanadi.
Keyingi ikki kunda ishtirokchilar blits bo‘yicha 18 ta partiya o‘ynaydi, bunda g‘alaba 1 ochko bilan baholanadi. Blitsning birinchi kuni 8-mayda boshlanadi. Bosqich g‘olibi ikki yo‘nalish bo‘yicha jami ochkolarga ko‘ra aniqlanadi.
Gazeta avvalroq turnir formati va ishtirokchilari haqida yozgan edi.
Varshavadan keyin seriya Buxarestdagi (Ruminiya) klassik turnir, Zagrebdagi (Xorvatiya) tezkor bosqich, Sent Luisdagi (AQSh) ikki turnir va yana AQShda o‘tadigan final bilan davom etadi.
Source: www.gazeta.uz