Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbirlari davomida Damas rusumli avtomobillarda bog‘cha bolalarini me’yordan ortiq miqdorda tashish holatlari aniqlandi, deya xabar qildi viloyat YHXB.
Ma’lum qilinishicha, yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan to‘xtatilgan avtomobillardan birida 22 nafar, ikkinchisida esa 24 nafar bog‘cha bolasi olib ketilayotgan bo‘lgan.
Tekshiruv davomida haydovchilardan biri muqaddam haydovchilik huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa-da, yana avtomobil boshqarib kelayotgani ham ma’lum bo‘lgan.
Holatlar bo‘yicha xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti mas’ullari va haydovchilar bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi ikkinchi qismi (Transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima) va 128−8-moddasi birinchi qismi (Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish — BHMning ikki baravari miqdorida jarima) asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Avtomobillar esa vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.
Avvalroq Navoiy viloyatida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Matiz halokatga uchradi. Rulda haydovchilik guvohnomasi olmagan oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan. Hodisa oqibatida ayol vafot etdi, bolalar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Source: www.gazeta.uz