So‘nggi ikki o‘n yillikda Koreya Respublikasi poytaxti Seulda mayda dispersli chang darajasi sezilarli darajada pasaydi, deb xabar bermoqda The Korea Times.
Seul rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, atmosferadagi PM2,5-mayda dispersli zarrachalarining yillik o‘rtacha konsentratsiyasi 40 foizga — 2006-yildagi 30 mikrogrammdan 2025-yilda 18 mikrogrammgacha kamaydi. Xuddi shu davrda PM10 konsentratsiyasi 47 foizga — 60 mikrogrammdan 32 mikrogrammgacha pasaydi.
PM2,5 darajasi yuqori bo‘lgan kunlar soni (bir kub metrga 36 mikrogramm yoki undan yuqori) 2006-yildagi 108 kundan o‘tgan yili 32 kungacha kamaydi, havosi toza kunlar soni esa (15 mikrogramm yoki undan past) ikki baravardan ko‘proqqa — shu davr mobaynida 73 kundan 182 kungacha ko‘paydi.
Shahar ma’muriyati havo sifatining yaxshilanishini jamoat transportida dizel yonilg‘isidan voz kechilgani bilan bog‘lamoqda. 2006-yildan 2014-yilgacha Seulda 8900 ga yaqin dizel avtobusi siqilgan tabiiy gaz va boshqa toza muqobil yonilg‘i turlariga o‘tkazildi. Bugungi kunda elektrobuslar Seul jamoat transporti parkining 23 foizini tashkil etadi. O‘tish jarayoni hali ham davom etmoqda: bu yil shaharda yana 400 ta avtobusni elektr modellarga almashtirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, The Korea Times nashrining ta’kidlashicha, Seulda ozon bilan iflolanish darajasi 2015-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda 48 foizdan ko‘proqqa oshgan. Nashrning yozishicha, bu holat ushbu modda ta’siriga eng zaif bo‘lgan bolalar va keksalar o‘rtasida alohida xavotir uyg‘otmoqda. Bunga javoban rasmiylar avgust oyiga qadar 1000 dan ortiq korxonani, jumladan, yonilg‘i quyish shoxobchalari, bo‘yoqchilik ustaxonalari va kimyoviy tozalash shoxobchalarini tekshirishni rejalashtirmoqda.
2024-yil holatiga ko‘ra, Seul aglomeratsiyasida 26 million kishi istiqomat qilgan, bu Koreya Respublikasi aholisining qariyb yarmini tashkil etadi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yilda milliy yalpi ichki mahsulotning 48 foizi ushbu aglomeratsiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Biroq iqtisodiy faoliyatning salmoqli qismi transport, sanoat, chiqindilar va elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining oshishiga olib keldi, bu esa ko‘pincha havo iflolanishi darajasining ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi, deyiladi BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) tomonidan megapolisdagi havo sifati haqida tayyorlangan ma’ruzada.
Ma’ruzada qayd etilishicha, ushbu muammoni hal qilish uchun mamlakat hukumati so‘nggi ikki o‘n yillikda Seul aglomeratsiyasida havo sifatini himoya qilishga qaratilgan mustahkam normativ-huquqiy bazani yaratdi.
Qonunchilikka rioya etilishini baholash maqsadida Seul aglomeratsiyasi va Janubiy Koreyaning boshqa hududlarida havo iflolanishi darajasini kuzatuvchi yuzlab monitoring punktlari ochildi. 2007-yildan 2020-yilgacha Seul, Inchxon va Kyongi ma’muriyatlari havo sifatini himoya qilish chora-tadbirlariga 9 milliard dollar investitsiya kiritdi, bunda moliyalashtirishning 56 foizi transport chiqindilari darajasini kamaytirishga yo‘naltirildi. Bundan tashqari, faktik ma’lumotlarni to‘plash va havo sifati muammosini hal qilishga jamoatchilikni jalb etish uchun qariyb 3,2 milliard dollar ajratildi.
Source: www.gazeta.uz