Hindistonning G‘arbiy Bengal shtatida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Bosh vazir Narendra Modi’ning hind millatchi partiyasi g‘alaba qozonganidan so‘ng siyosiy tartibsizliklar kelib chiqdi. Politsiya va partiya rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan.
Modi’ning Bharatiya Janata partiyasi (BJP) shtatdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritib, 294 o‘rinli qonunchilik palatasida 206 o‘rinni egalladi. Bu shtatda 100 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi.
G‘arbiy Bengalni 2011-yildan beri Modi’ning keskin tanqidchisi va raqibi Mamata Banerji boshqarib kelgan. U mintaqaviy Butun Hindiston Trinamul Kongressi partiyasi rahbari bo‘lib, saylovda o‘z o‘rnini yo‘qotdi va natijalarni rad etib, federal hukumatni saylovni soxtalashtirishda aybladi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, natijalar e’lon qilingandan so‘ng shtat poytaxti Kalkutta va boshqa tumanlarda raqib partiya tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. BJP ikki partiya xodimi o‘ldirilganini, TMC esa ikki xodimining kaltaklanib o‘ldirilganini xabar qildi.
BJP shtat rahbari Samik Bhattacharya AFP’ga ikki xodimining o‘ldirilganini tasdiqladi va partiya “tinchlik tarafdori” ekanini ta’kidladi. TMC ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida ikki partiya xodimining “shafqatsiz o‘ldirilishi” haqida xabar berdi.
TMC matbuot kotibi Narendranath Chakraborti AFP’ga partiya ofislariga hujum qilinganini va ikki qurbon oddiy siyosiy faol ekanini aytdi. Ismi oshkor etilmagan yuqori martabali politsiya xodimi to‘qnashuvlarda to‘rt kishi halok bo‘lganini va bir ofitserning oyog‘iga o‘q tekkanini tasdiqladi.
TMC, shuningdek, ofislari BJP xodimlari tomonidan vayron qilinganini da’vo qildi. Kalkutta politsiyasi Topsiya va Tiljala hududlarida “tartibsizliklar yuz berib, bezorilar davlat mulkiga zarar yetkazganini” ma’lum qildi.
Banerji bosh vazir lavozimidan ketishni rad etib, BJP’ning g‘alabasini “axloqsiz g‘alaba” deb atadi va “100 dan ortiq o‘rin BJP tomonidan talon-taroj qilinganini” da’vo qildi. Hindiston konstitutsiyasiga ko‘ra, shtat gubernatori Banerjining iste’fosini talab qilishi yoki uning muddati tugashini kutishi mumkin.
Saylov komissiyasi noto‘g‘ri xatti-harakatlar haqidagi ayblovlarni rad etib, G‘arbiy Bengal rasmiylariga saylovdan keyingi zo‘ravonliklarga “nol toqat” siyosatini qo‘llashni buyurdi. Tahlilchilarning fikricha, BJP’ning bu g‘alabasi Modi 2014-yilda birinchi marta saylanganidan beri eng muhim yutuqlardan biri bo‘lib, uning ta’sirini shimoliy va markaziy Hindistonning hind tilidagi hududlaridan tashqariga kengaytirdi.
Source: www.aljazeera.com