Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh prezidenti Donald Tramp Hurmuz bo‘g‘ozida qolib ketgan kemalarni ozod qilish bo‘yicha boshlangan “Ozodlik loyihasi” operatsiyasi “qisqa muddatga” to‘xtatilishini e’lon qildi.

Oq uy rahbari bu qarorni Pokiston va boshqa davlatlarning iltimoslari, Eronga qarshi kampaniyadagi “ulkan harbiy muvaffaqiyatlar” hamda Tehron bilan “to‘liq va uzil-kesil kelishuvga erishish borasidagi sezilarli yutuqlar” bilan izohladi.

“Blokada o‘z kuchida qolar ekan, kelishuvni yakunlash va imzolash imkoni bor-yo‘qligini aniqlash maqsadida 'Ozodlik loyihasi' qisqa muddatga to‘xtatib turiladi”, — deb yozdi Tramp Truth Social tarmog‘ida.

Eron davlat OAVlari esa operatsiyaning to‘xtatilishi “AQShning o‘z maqsadlariga erishishdagi muvaffaqiyatsizligi”dan dalolat berishini ta’kidladi.

Trampning bayonoti AQSh davlat kotibi Marko Rubio fevral oxirida boshlangan “Epik g‘azab” operatsiyasi o‘z maqsadlariga erishgani va Vashingtonning endigi ustuvor vazifasi Hurmuz bo‘g‘ozi faoliyatini qayta tiklash ekanligini aytganidan bir necha soat o‘tib yangradi.

“Biz ["Epik g‘azab"] operatsiyasi maqsadlariga erishdik. Endi “Ozodlik loyihasi”ga o‘tmoqdamiz”, — degandi Rubio.

Davlat kotibi “Ozodlik loyihasi” mutlaqo mudofaa xarakteriga ega ekanini ta’kidladi. “Otishma bo‘lmaydi, lekin agar bizga qarata o‘t ochishsa, biz halokatli tarzda javob qaytaramiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

4-mayga o‘tar kechasi Donald Tramp Hurmuz bo‘g‘ozida to‘sib qo‘yilgan xorijiy kemalarni ozod qilish operatsiyasini e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShga bunday iltimos bilan “butun dunyo mamlakatlari” murojaat qilgan. “Biz ushbu davlatlarni ularning kemalarini mazkur yopiq suv yo‘llaridan xavfsiz olib chiqishimizga ishontirdik”, — degan edi o‘shanda Oq uy rahbari. Eron esa bunga javoban bo‘g‘ozga yaqinlashgan “har qanday xorijiy harbiy kuchlarga, ayniqsa, AQSh armiyasiga” hujum qilish bilan tahdid qilgan.

Source: www.gazeta.uz