Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida iste’mol narxlari 0,6% ga o‘sgan. Bu ko‘rsatkich uchinchi oy ketma-ket bir xil darajada saqlanmoqda.

2025-yil apreliga nisbatan oylik inflyatsiya 0,1 foiz punktga pasaygan. 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida narxlar 2,5% ga oshgan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 0,4 foiz punkt past.

Yillik inflyatsiya 7% gacha sekinlashgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 3,1 foiz punkt kam. Bu so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Asosiy inflyatsiya (meva-sabzavot mahsulotlarisiz) aprelda 0,6% ni tashkil etgan. Yillik hisobda esa 7,6% gacha tushgan, bu o‘tgan yilgi darajadan 4,7 foiz punkt past.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi biroz sekinlashgan — 1% (martda 1,2% edi). Yillik hisobda oziq-ovqat 5,9% ga qimmatlagan, bu o‘tgan yilga nisbatan deyarli bir yarim baravar yuqori.

Nooziq-ovqat tovarlari aprelda 0,3% ga, so‘nggi 12 oyda esa 5,2% ga qimmatlagan. Pullik xizmatlar bir oyda 0,4% ga oshgan, ammo yillik o‘sish 12% gacha sekinlashgan (o‘tgan yil 26,1% edi).

Hududlar bo‘yicha eng yuqori oylik inflyatsiya Toshkentda (0,8%) va Qashqadaryo viloyatida (0,7%) qayd etilgan. Yana olti hududda ko‘rsatkich 0,6%, qolganlarida 0,5% bo‘lgan.

Yillik inflyatsiya bo‘yicha yetakchi Qoraqalpog‘iston (7,4%) va Xorazm viloyati (7,3%). Eng past ko‘rsatkich Jizzax viloyatida — 6,3%. Toshkentda yillik inflyatsiya 6,9% ni tashkil etgan.

Source: kun.uz