Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Milliy statistika qo‘mitasi 2026-yil yanvar–mart oylari uchun sanoat ishlab chiqarish hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida gaz qazib olish hajmi 9,6 milliard kub metrni tashkil etib, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 1,7 milliard kub metrga (15%) va 2024-yilga nisbatan 2 milliard kub metrga (17,2%) kamdir.

Mart oyida 2,7 milliard kub metr gaz qazib olingan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mart oyiga nisbatan 1,2 milliard kub metrga (30,8%) kamdir. Eksport hajmi esa 36,7 million dollarni tashkil etib, 61% ga kamaygan, import esa 360,5 million dollarga yetib, 2,2 barobarga oshgan.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasiga ko‘ra, joriy yilda 40,2 milliard kub metr gaz qazib olinishi kutilmoqda, bu 2025-yilga nisbatan 1,5 milliard kub metrga (3,6%) kamdir. Kelgusi yillarda qazib olish hajmi 2027-yilda 42,9 mlrd kub metr, 2028-yilda 44,5 mlrd, 2029-yilda 45,5 mlrd va 2030-yilda 48,5 mlrd kub metrni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Neft qazib olish 160,8 ming tonnadan 157,3 ming tonnaga (-1,8%), gaz kondensati ishlab chiqarish esa 296,6 ming tonnadan 242,3 ming tonnaga (-18,3%) kamaydi. Shu bilan birga, dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 182 ming tonnadan 280,9 ming tonnaga (+54,3%), benzin ishlab chiqarish 304,3 ming tonnadan 313,2 ming tonnaga (+2,9%) oshdi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmi 21,9 mlrd kVt·soatdan 22,9 mlrd kVt·soatga oshdi. Yirik korxonalarda ishlab chiqarish 7,5% ga kamaygan bo‘lsa, kichik tadbirkorlik sub’ektlarida 49% ga o‘sdi.

2026-yilning birinchi uch oyida O‘zbekistonda 108 769 ta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 11 495 taga (11,8%) ko‘pdir. Damas, Onix va Cherry modellaridan tashqari barcha modellar bo‘yicha o‘sish kuzatilgan.

Source: kun.uz