Prezident tomonidan 5-mayda imzolangan farmon bilan tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator soliq va bojxona imtiyozlari belgilandi.
Farmonga ko‘ra, chet el fuqarosi bo‘lgan shifokorlar, menejerlar, konsultantlar va tibbiy jihozlarga xizmat ko‘rsatuvchi texnik mutaxassislar uchun 2029-yil 1-maygacha ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilandi. Shuningdek, ularga mehnat faoliyati huquqini beruvchi tasdiqnoma uchun yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari etib belgilandi.
Klinikalarni tashkil etishda ularni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash ishlari “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta’minot” va “O‘zsuvta’minot” korxonalari hisobidan amalga oshiriladi.
2026-yil 1-iyuldan 2029-yil 1-iyulgacha ish beruvchilar tomonidan har bir xodim va uning oila a’zolari uchun yiliga 10 million so‘mgacha to‘lanadigan ixtiyoriy tibbiy sug‘urta badallari foyda solig‘i bazasidan chegirib tashlanadi.
Tibbiyot tashkilotlari tomonidan olib kiriladigan tibbiy jihozlar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va sarf materiallari, shuningdek, maxsus tibbiy avtotransport vositalari 2026-yil 1-iyundan 2029-yil 1-iyungacha import bojxona bojidan ozod qilinadi.
“O‘zmilliybank” tomonidan 200 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit liniyasi ochilib, tadbirkorlarga Qoraqalpog‘iston va viloyat markazlaridan tashqari hududlarda yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi klinikalar tashkil etish uchun 10 yil muddatga (3 yillik imtiyozli davr bilan) 10 million dollargacha kreditlar ajratiladi.
Kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasidan 3 foiz band yuqori stavkada milliy valyutada beriladi. Shu bilan birga, resurslar boshqa tijorat banklari orqali ham yo‘naltirilishi mumkin.
Klinikalarni barpo etgan tadbirkorlarga “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” hisobidan kredit foizlarining 50 foizigacha kompensatsiya to‘lanadi.
Bunday klinikalar faoliyat boshlaganidan keyin 3 yil ichida milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishi shart. Ularning joylashuvi, ixtisoslashuvi va texnik talablari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hududlar ehtiyojidan kelib chiqib belgilanadi.
Hokimliklarga klinikalar uchun yer uchastkalarini ajratish, ularni “E-auksion” orqali investorlarga taklif qilish hamda muhandislik tarmoqlariga ulanishda ustuvorlik berish vazifasi yuklatildi.
2027-yildan Samarqand viloyatida tajriba tariqasida birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini tadbirkorlar mablag‘lari hisobidan amalga oshirish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, 2027-yil 1-maydan akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy tibbiyot muassasalari transplantatsiya bilan shug‘ullana oladi.
Source: www.gazeta.uz