Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-aprel kuni joriy yilning birinchi choragida hudud va tarmoqlardagi iqtisodiy o‘sish tahlili va yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilish avvalida joriy yilning birinchi choragida erishilgan makroiqtisodiy natijalar ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanishicha, yalpi ichki mahsulot 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar 16,1 foizga, qishloq xo‘jaligi 5,1 foizga o‘sdi. Eksport 5,8 milliard dollarni, xorijiy investitsiyalar hajmi 13,7 milliard dollarni tashkil qildi. Inflyatsiya yillik hisobda ilk bor 7,1 foizgacha pasaydi.

Davlat rahbari iqtisodiyotni xalqaro miqyosda yangi bosqichga olib chiqish uchun tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Jumladan, kelasi oy 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqarilishi qayd etildi. Bu Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvi nufuzli Franklin Templeton kompaniyasiga berilgani bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, prezident birinchi chorakdagi natijalarga mahliyo bo‘lib, xotirjamlikka berilish mutlaqo noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Global ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar va yetakchilik uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda dunyo iqtisodiyoti avvalgidek “sokin” bo‘lmasligi, bunday vaziyatda barcha rahbarlar o‘z ish uslubi, yondashuvi va dunyoqarashini tubdan o‘zgartirishi zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish masalalari alohida tahlil qilindi. Joriy yil banklar orqali ushbu yo‘nalishga 140 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Kichik biznesga berilgan har 1 milliard so‘m kredit hisobiga Shirin shahrida 20 ta, Uchquduqda 17 ta, Xonobod va So‘xda 14 tadan, Tomdi tumanida 13 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Biroq Uchko‘prik, Piskent, Bo‘stonliq, Karmana, Qo‘rg‘ontepa tumanlarida 1 milliard so‘mlik kreditga o‘rtacha 3 ta ish o‘rni to‘g‘ri kelmoqda.

Shu bois, kredit resurslarini taqsimlashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Soha mas’ullariga tuman banklarini sun’iy intellekt bilan ishlashga o‘qitishni boshlash, banklarda “Sun’iy intellekt maslahatchisi” platformasini ishga tushirish topshirildi. Bu platforma tadbirkorlarga kredit olish uchun loyihaning parametrlari, risklari va bozordagi talabni tahlil qilib, tayyor yechimlar berishi kerakligi ta’kidlandi.

Tadbirkorlar bilan ishlashdagi kamchiliklar ham keskin tanqid qilindi. Ayrim rahbarlar tadbirkor muammosini hal qilish o‘rniga mas’uliyatdan qochayotgani, masala respublika darajasiga chiqqach, o‘zini oqlash bilan ovora bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, Nurafshon shahrida byurokratik to‘siqlar sababli ikki yildan beri qurilishni boshlay olmayotgan tadbirkorga yordam berish o‘rniga bu ma’lumot Prezident darajasiga qanday yetib borganini qidirish bilan ovora bo‘lingani tanqid qilindi. Shuningdek, G‘uzor, Narpay, Urganch, Yangi yo‘l, Chinoz tumanlarida tadbirkorlik infratuzilmasi uchun ajratilgan 262 milliard so‘m mablag‘ bo‘la turib, loyihalar boshlanmagani qayd etildi. Tegishli viloyat hokimlariga bunday rahbarlarning lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda inflyatsiyani jilovlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbari iqtisodiyot o‘sgani bilan agar inflyatsiya ham oshsa, aholi va tadbirkorlar hayotida ijobiy o‘zgarish sezilmasligini ta’kidladi. Yil boshidan dunyoda neft narxi 40 foizga oshdi. Ziddiyatlar oqibatida logistika koridorlari o‘zgarib, mahalliy mahsulotlar eksporti va asosiy iste’mol tovarlari importida tashish xarajatlari 25−30 foizga ko‘paymoqda. Bu ichki narx-navoga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirmoqda.

Shu bilan birga, tashqi bosimlarni bahona qilib, inflyatsiya bo‘yicha ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik kerakligi ta’kidlandi. Iste’mol savatidagi mahsulot va xizmatlarning 70 foizi mahalliy ekani qayd etilib, mutasaddilar va hokimlarga joriy yilda inflyatsiyani 6,5 foiz darajasida saqlab qolish uchun mahalliy mahsulotlar taklifini ko‘paytirish va narxlarni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda sanoat va eksport masalalari ham tanqidiy tahlil qilindi. Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Arnasoy, Sharof Rashidov, Yangiobod, Navbahor, Kosonsoy, Qumqo‘rg‘on, Furqat, Shovot, Shayxontohur va Sergeli tumanlari sanoat prognoziga chiqa olmagani qayd etildi. Ushbu 13 ta tuman hokimiga rejaga qancha yetmaganiga qarab intizomiy chora ko‘rish topshirildi.

Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. So‘nggi olti oyda 908 ta tadbirkor 3 milliard 600 million dollarlik shartnoma tuzgan bo‘lsa-da, hamkorlardagi vaziyat o‘zgargani sababli eksportni boshlay olmagan. Ayrim hokimlar esa ularga yordam berish o‘rniga vaziyatni o‘z holiga tashlab qo‘ygan. Oqibatda birinchi chorakda eksport Norin, Kasbi, Sherobod, Yozyovon va Denovda 2 karradan ziyod kamaygan. Shahrisabz, Uchquduq, Parkent, Toshkent tumanlari, Jizzax, Navoiy, Namangan, Angren, Bekobod va Nurafshon shaharlarida esa eksport rejasi 70 foizga ham yetmagan. Ushbu hudud rahbarlari birinchi yarim yillikda o‘sishni ta’minlamasa, qat’iy xulosa qilinishi ma’lum qilindi.

Xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar faoliyati ham tahlil qilindi. Yurtimizda bunday 18 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Lekin ishlab chiqarishi bor 526 ta korxona biror marta ham eksport qilmagan. Yana 767 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faqat chetdan tovar olib kelib, sotish bilan shug‘ullanmoqda. Ular bilan ishlab, chetdan mahsulot olib kelib sotayotgan korxonalarga shu yerning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalar taklif qilish, ularni mahalliy tadbirkorlar bilan bog‘lash, ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, ichki bozorda ishlayotgan korxonalarga eksportga chiqishda ko‘mak berish zarurligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga bu borada alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev barcha darajadagi rahbarlar bugungi vaziyatda natija uchun shaxsan mas’ul ekanini ta’kidladi. Iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, inflyatsiyani jilovlash, ish o‘rinlari yaratish, eksportni ko‘paytirish, investitsiya sifati va tadbirkorlar muammolarini hal qilish har bir rahbar faoliyatining asosiy mezoni bo‘lishi belgilandi.

Source: www.gazeta.uz