O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi “Navoiy” oilaviy poliklinikasiga qayta tashrif buyurdi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Avvalgi tashrif, to‘rt oy oldin, poliklinikaning og‘ir ahvolini ko‘rsatgan edi. 1972-yilda qurilgan bino Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan butunlay qayta qurildi. O‘shanda Saida Mirziyoyeva sharoitlarni “izohga hojat yo‘q” deb ta’riflagan, xonalardan dim va qo‘lansa hid anqib, devorlarning suvoqlari ko‘chib tushgan edi. Bu 16 ta qishloq aholisi uchun tug‘ruqni qabul qiladigan yagona yaqin poliklinika hisoblanadi.
Yangi tashrifda u butun viloyat sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash bo‘yicha master-reja ishlab chiqilganini ma’lum qildi. “Bu shunchaki binolarni ta’mirlash emas, balki birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimiga bo‘lgan yondashuvning o‘zini qayta ko‘rib chiqishdir”, dedi u.
“Endi tug‘ruq bo‘limi eng zamonaviy talablarga javob beradi”, — dedi PA rahbari. “Kuni kecha ushbu dargohda birinchi chaqaloq — Shavkatjon dunyoga keldi. Men buni boshlagan barcha ishlarimizning xayrli ekaniga bir ishora, deb bildim”, — deb yozdi u va matnga qo‘lida chaqaloq bilan tushgan fotosuratni ilova qildi.
Saida Mirziyoyeva fermer Haydarovlar oilasida ham bo‘ldi. “Ularning tajribasini, shubhasiz, keng ommalashtirsa arziydi”, — dedi prezident yordamchisi.
Bundan tashqari, Mirziyoyeva Toyloq tumanidagi suv ta’minoti tarmoqlarini rekonstruksiya qilish loyihasi bilan tanishdi. Maqsad — barcha mahallalar aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash.
Source: www.gazeta.uz