Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-paketi doirasida paxta sellyulozasi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekistonning ikkita kompaniyasiga nisbatan cheklovlar o‘rnatdi. Bu ro‘yxatga Farg‘ona Kimyo Zavodi va Jizzax viloyatidagi Raw Materials Cellulose korxonasi kiritildi.

“Farg‘ona Kimyo Zavodi Perm porox zavodi va Qozon davlat porox zavodini paxta sellyulozasi bilan ta’minlaydi, ushbu korxonalar esa undan Rossiya Qurolli kuchlari uchun qurol-yarog‘ ishlab chiqarishda foydalanadi. Bu MCHJ Rustam Mo‘minov tomonidan nazorat qilinadi. Shu sababli kompaniya harbiy texnologiyalar va anjomlar yetkazib berishda ishtirok etish orqali Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasini qo‘llab-quvvatlamoqda”, — deyiladi ochiqlama qismida.

“Raw Materials Cellulose MCHJ esa Rossiyaning harbiy-sanoat kompaniyalarini, jumladan, undan porox ishlab chiqarishda foydalanuvchi “Tambov porox zavodi” federal davlat korxonasini paxta sellyulozasi bilan ta’minlaydi”, — deya sabab keltirdi YeI.

2025-yilning noyabr oyida YeI Farg‘ona Kimyo Zavodini nazorat qilishi aytiladigan o‘zbekistonlik tadbirkor Rustam Mo‘minovga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi. O‘shanda Farg‘ona Kimyo Zavodi va Raw Materials Cellulose “Vajniye istorii”, Vlast.Kz nashrlari va OCCRP konsernining qo‘shma tekshiruvi, shuningdek, BBC rus xizmatining tekshiruvidan joy olgani haqida yozgandik.

Materiallarda aytilishicha, bu ikki korxona Rossiya porox zavodlariga paxta sellyulozasini ham to‘g‘ridan to‘g‘ri, ham xususiy vositachilar orqali yetkazib beradi. Jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri ushbu yetkazib berish hajmi bir necha barobar oshgan.

2025-yilning may oyida bo‘lsa Ukraina hukumati O‘zbekistonning uchta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritgandi: Mercury Renaissance, Farg‘ona Kimyo Zavodi va Raw Materials Cellulose. O‘sha paytda Mercury Renaissance va uning “shu’ba korxonasi” Farg‘ona Kimyo Zavodi Rustam Rahimjonovich Mo‘minov (60%) va Shahriyor Saxiyorovich Tojiyevga (40%) tegishli edi.

2025-yil dekabr oyiga kelib, Buyuk Britaniya ham avvalroq YeI sanksiyasiga uchragan Rustam Mo‘minovga nisbatan sanksiya kiritgan. Cheklovlar, shuningdek, O‘zbekistondagi 4 ta — Farg‘ona Kimyo Zavodi, Raw Materials Cellulose, Gelion Business Trade va Chemistry International kompaniyalariga ham tatbiq etilgandi.

2026-yil fevralda O‘zbekiston hukumati sanksiyalar xavfi sababli sellyuloza va paxta mahsulotlari eksporti ustidan nazoratni kuchaytirgan. Bu haqda ma’lumot bergan Jamshid Xodjayevga ko‘ra, gap taqiq emas, balki “qattiq nazorat” haqida ketmoqda. Banklar bu mahsulotlar harbiy maqsadlarda qo‘llanishi ehtimoli tufayli operatsiyalarni to‘xtatishi mumkinligi aytilgandi.

Source: www.gazeta.uz