Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) missiyasi O‘zbekiston moliya tizimida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan davlat tijorat banklarini (DTBlar) davlat funksiyalarini bajaruvchi banklar sifatida saqlab qolish rejalarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Tashkilot mutaxassislari ogohlantirishicha, bu yondashuv moliyaviy barqarorlik uchun risklarning ortishi va budjet xarajatlarining ko‘payishiga olib kelishi mumkin, bu esa mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

XVJ hisobotida DTBlarni isloh qilish va xususiylashtirishni jadallashtirish moliyaviy barqarorlikni ta’minlash hamda resurslarni taqsimlash samaradorligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlangan. Tashkilot bu borada ayrim jihatlarga alohida e’tibor qaratish zarurligini bildirdi, xususan, malakali strategik investorlarni jalb qilish va hisobdorlikni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, DTBlarni baholashda samaradorlikning aniq ko‘rsatkichlari, faoliyat natijalarining ishonchli monitoringiga e’tibor qaratish kerak.

Mutaxassislar bank sektori raqobatdoshligini oshirishda DTBlarini xususiylashtirishni jadallashtirishdan tashqari, yana bir qator asosiy ustuvor vazifalarni sanab o‘tgan. Bunga mikrokreditlash bilan bog‘liq risklarni jilovlashda qarz oluvchiga yo‘naltirilgan makroprudensial choralar bo‘yicha istisnolardan bosqichma-bosqich voz kechish, shuningdek, ayirboshlash kursining moslashuvchanligi oshishi sharoitida xedjlanmagan qarz oluvchilarga valyuta kreditlari ajratish bilan bog‘liq risklarga e’tibor qaratish kiradi.

XVJ moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda moliyaviy barqarorlikka putur yetkazmaslikdan ogohlantirgan. Hisobotda aytilishicha, miqdoriy maqsadlarni ko‘zda tutuvchi davlat kredit dasturlari kredit resurslarining to‘lovga layoqati bo‘lmagan qarz oluvchilar foydasiga samarasiz taqsimlanishiga olib keladi. Foiz stavkalarining yuqori chegaralarini belgilash amaliyotidan qochishda davom etish lozim, chunki bu choralar moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi va norasmiy sektorning kengayishiga turtki beradi.

Moliyaviy ommaboplikning yanada barqaror rivojlanishiga bank sektorida raqobatni kuchaytirish, kredit ma’lumotlaridan foydalanishni kengaytirish, kredit skoringi modellarini va vositalarini takomillashtirish, to‘lov tizimlari va raqamli infratuzilmani modernizatsiya qilish, moliyaviy savodxonlikni oshirish va iste’molchilar huquqlari himoyasini kuchaytirish orqali erishish mumkinligi ta’kidlangan.

Source: www.gazeta.uz