Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev 10-aprel kuni tadbirkorlar bilan muloqotda renovatsiya to‘g‘risidagi qonunning amal qilish mexanizmlarini batafsil tushuntirdi. Uchrashuvda Makon qurilish kompaniyasi vakili renovatsiya hududlariga tushib qolgan yakka tartibdagi turar joylar (yer uchastkalari) taqdiri bilan qiziqdi. Kudbiyev bu savolni “juda fundamental” deb baholab, konservatsiya hududiga tushgan uylarni ta’mirlashga ruxsat berilishini, lekin qo‘shimcha qurilishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.
Qo‘mita raisi renovatsiya hududiga tushib qolgan va kompleks qurilish rejalashtirilgan yakka tartibdagi turar joylar buzilganda davlat kompensatsiya to‘lashini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qonunda va tartibga solish “qumdoni”da belgilangan, baholashni hududiy investkompaniya amalga oshiradi. Kudbiyev shuni ta’kidladi: “Unga davlat, albatta, kompensatsiya beradi. Bu yerda renovatsiya hududida yakka tartibdagi uy-joy qolmaydi degan bir dogma yo‘q.”
Tadbirkor egasi rozi bo‘lmagan holda ham uy buzilishi ehtimoli past bo‘ladimi, degan savolga javoban, Kudbiyev qonun va reglamentda bu masala aks etganini aytdi. U mulkdorlarning ko‘pchilik va ozchilik manfaatlari o‘rtasidagi nisbatni inobatga olish kerakligini ta’kidlab, misol keltirdi: “5–7 foizning fikri muhimmi yoki 80 foizning fikri muhimmi? Biz jamiyat sifatida shunga javob berishimiz kerak.”
Renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasi doirasida uy-joy mulkdorlarining 80 foiz roziligi talab etiladigan norma joriy etilmoqda. Kudbiyev tushuntirdiki, bu xususiy investorlarga taalluqli emas: ko‘chmas mulkni sotib olish davlat investitsiya kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. U aytdi: “Sotib olgan tadbirkor bo‘lmaydi… Faqat davlat, invest kompaniya sotib oladi va u 80 foizgacha hamma bilan kelishadi.”
80 foiz rozilikka erishilgandan keyin, invest kompaniya qolgan obyektlar bo‘yicha sudga murojaat qilish imkoniyatini o‘z ichiga olgan tartibda jarayonni davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov tushuntirishicha, yangi tizim aholi va quruvchi kompaniyalar o‘rtasidagi ziddiyatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan. Kudbiyev esa mexanizmning fuqarolar manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladi.
Mart oyida renovatsiya qonuni qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi ma’lum bo‘lgan edi, chunki avvalgi versiya aholining 100% roziligini talab qilgan. 7-aprel kuni Senat “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi, unda renovatsiya loyihalarini aholining 80% notarial roziligi asosida ko‘rib chiqish, buzish ishlarini esa barcha mulkdorlar bilan kompensatsiya masalalari to‘liq hal etilgandan keyin amalga oshirish nazarda tutilgan.
Source: www.gazeta.uz