2026-yilning yanvar-mart oylarida Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 36 ta jinoyat sodir etilgani, shuningdek, xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzgan 32 nafar xodim tizimdan bo‘shatilgani ma’lum qilindi. Bu haqda 11-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashrapov bayonot berdi. U vazirlikda burchiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan xodimlar orasida tizimga dog‘ tushirayotganlar ham borligini tan oldi.
Ashrapovning ta’kidlashicha, jinoyatlarning 75 foizi vazirlikning o‘z tashabbusi bilan aniqlandi va jinoyatga qo‘l urgan xodimlar ichki ishlar organlaridan bo‘shatildi. To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun prokuratura idoralariga yuborilgan. Bundan tashqari, xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzgan 32 nafar xodim salbiy sabablarga ko‘ra tizimdan chetlashtirildi.
Vazir o‘rinbosari korrupsiyaga qarshi kurash doirasida olib borilayotgan tushuntirish ishlari natijasida 2026-yilning yanvar-mart oylarida 60 ta holatda xodimlar fuqarolar tomonidan taklif etilgan porani rad etib, vazirlikning shaxsiy xavfsizlik xizmatiga murojaat qilganini qayd etdi. Bunday xodimlar rag‘batlantirilayotganini ta’kidladi.
Joriy yilning birinchi choragida 10 nafar xodim xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgani, 39 nafari esa jarohatlanganini Ashrapov ma’lum qildi. U misol tariqasida 25-fevral kuni Toshkent shahrida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yo‘l-patrul xizmati inspektori Qosimbek Eshnazarovni eslatib o‘tdi. Eshnazarov “Jasorat” medali bilan mukofotlangan va uning oilasiga Toshkentdan xonadon taqdim etilgan.
Ashrapovning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida xodimlarning mehnati muhtaram prezident tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. 2026-yilning o‘zida 11 nafar ichki ishlar organlari xodimi davlat mukofoti bilan taqdirlandi, idoraviy buyruq bilan esa 25 mingdan ziyod xodim rag‘batlantirildi. Eslatib o‘tish kerakki, 2025-yilda ichki ishlar organlari tizimida faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 86 nafar rahbar aniqlanib, ularning 57 nafari intizomiy javobgarlikka tortilgan, 29 nafari esa lavozimidan ozod etilgan.
Source: www.gazeta.uz