Toshkent shahri Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i Abror Xudoyberdiyev ishdan olindi. Bu haqda 11-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov ma’lum qildi. Xudoyberdiyevning ishdan olinishi uning profilaktika inspektorlariga ko‘chadan daydi shaxslarni topib, ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish bo‘yicha noto‘g‘ri topshiriq bergani bilan bog‘liq.
Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan audio va videolavhalarda Xudoyberdiyevning profilaktika inspektorlariga daydi topmagan taqdirda o‘zlarini yoki qarindoshlarini daydi sifatida “yopish”ni buyurgani eshitiladi. U shunday degan: “E, profilaktika inspektorlari, men sizlarga yana qayta aytyapman, daydi nol bo‘lib turibdi. Vijdonsiz, daydi yo‘qmi Olmazor tumanida? Daydi qil hozir. Hamma narsada nol bo‘lib yotibdi protokollar: majburiy davolashga joylashtirishing nol, daydi nol, ma’muriy bayonnomang nol, ma’muriy nazorat nol. Nima, o‘zlaringdan ketib qolganmisanlar, vijdonsiz. Qani bittang daydi qilma-chi. O‘zingni daydi qilib olib borib yop, qarindoshingni olib borib yop daydi qilib. O‘zing daydi bo‘lasan”.
Shuningdek, videolavhalarda Xudoyberdiyev 300 ta bayonnoma qilish kerakligini aytib, barcha xodimga ko‘chaga chiqish topshirig‘ini bergan. U: “1 soat vaqtimiz qoldi. 22:00 da hisob-kitob bo‘ladi. Men borishni xohlamayman. „Davay“, hozir „gazlaymiz“, 300 taga chiqdi, 200 ta protokolimiz qoldi, chiq hammang ko‘chaga!” deb aytgan. Yana bir videoda u: “Profilaktika inspektorlari, mana hozir men va’da berdim. Soat 00:00 gacha 300 ta qilishim kerak. Hozir og‘ayni, bittang agar „parod“ qilsang xafa bo‘lma. Hammang — „noch-poch“, hamma chiqsin hozir. Men o‘zim ham chiqaman, mana” degan.
Bu materiallar tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng poytaxt Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Axborotda ko‘chada uchrayotgan daydilik va tilanchilik holatlarining katta qismi haqiqiy ehtiyoj emas, balki ataylab tashkil etilgan firibgarlik faoliyati ekani ta’kidlangan. Ayniqsa, bolalardan foydalanish va soxta nogironlik orqali fuqarolarda rahm uyg‘otish holatlari jamiyat uchun jiddiy muammo sifatida ko‘rsatilgan.
Toshkentda daydilik va tilanchilik holatlariga qarshi tizimli ishlar olib borilayotgani, so‘nggi uch oy davomida poytaxtda 283 nafar daydi va 210 nafar tilanchilik bilan shug‘ullangan shaxs aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgani qayd etilgan. Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi mazkur yo‘nalishda xodimlarga biror reja yoki majburiy ko‘rsatkich yuklatilmaganini ma’lum qilgan. Ularning asosiy vazifasi jamoat tartibini buzayotgan shaxslarni aniqlashdan iborat ekani ta’kidlangan.
Matbuot anjumanida IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati rahbari Sharof Uralov tilanchilik va daydi holatlarini aniqlash profilaktika inspektorlarining xizmat vazifasi hisoblanishini, ammo ularga aniq yuklama qo‘yilmasligini aytgan. U: “Bizda „plan“ degan narsa qo‘yilmaydi. Ammo bir narsani esdan chiqarmaslik kerakki, jinoyatchilikka qarshi kurashish profilaktika inspektorlarining xizmat vazifasi hisoblanadi. Xuddi shunday daydi holatlarda maxsus tadbirlar va reydlar o‘tkazish hamda aniqlash vazifasi topshiriladi. Bularning asosiy sababi — xalqimiz erkin yurishi kerak” degan.
Uralov Xudoyberdiyevning “O‘zingni yoki qarindoshingni daydi qilamiz” degan gapini axloq normalaridan chiqqan, xato va imkonsiz deb baholagan. Uning aytishicha, Xudoyberdiyevning profilaktika inspektorlariga qo‘ygan talabi noto‘g‘ri bo‘lib, u aniqlangan holatlar bo‘yicha o‘zi yuritadigan hisobotini yopish uchun shunday degan bo‘lishi mumkin. Bu kabi holatlarni to‘xtatish va “uchastkavoy”larga bunday topshiriqlar bermaslik bo‘yicha hamma quyi rahbarlar bilan gaplashilgan. Nihoyat, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov xizmat tekshiruvi natijasida Xudoyberdiyev ishdan olinganini tasdiqlagan.
Source: www.gazeta.uz