Markaziy Osiyoda suv resurslari tez sur’atlar bilan qisqarmoqda, bu esa mintaqaning iqtisodiy va ekologik barqarorligiga jiddiy tahdid solmoqda. Muzliklarning erishi, yog‘ingarchilik tartibining o‘zgarishi va sug‘orish mavsumidagi suv tanqisligi kabi omillar vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Bu sharoitda nafaqat suv hajmi, balki mamlakatlarning manfaatlarni kelishib olishi, ma’lumot almashish va iqlim o‘zgarishiga moslashish qobiliyati ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
YeXHTning iqtisodiy va ekologik faoliyat bo‘yicha elchi-koordinatori Baqit Jusupovning so‘zlariga ko‘ra, suv masalasi oziq-ovqat xavfsizligidan tortib energetikagacha bo‘lgan milliy va mintaqaviy xavfsizlik masalalari bilan bevosita bog‘liq. U Toshkentda o‘tkazilgan Tashkent Water Week forumida yuqori va quyi oqim mamlakatlarining bir-biriga bog‘liqligi suv resurslariga bo‘lgan bosimni oshirishini va davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro sezuvchanlikni kuchaytirishini ta’kidladi. Jusupov: “Markaziy Osiyoda bugunning o‘zidayoq suv tanqisligi kuzatilmoqda va, ehtimol, vaziyat yomonlashib boradi”, deb ogohlantirdi.
Tojikiston qishloq xo‘jaligi vaziri Qurbon Hakimzoda mintaqada iqlim o‘zgarishi allaqachon real voqelikka aylanganini, o‘rtacha yillik harorat dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar tezroq ko‘tarilayotganini aytdi. U: “Markaziy Osiyoning eng yirik daryolarini to‘yintiruvchi 14 mingta muzlikdan 1000 dan ortig‘i allaqachon yo‘q bo‘lib ketdi. Bu hayotiy muhim ahamiyatga ega bo‘lgan muammodir — mintaqa suv resurslarining 60 foizdan ortig‘i Tojikiston hududida shakllanadi”, deb qo‘shimcha qildi. Hakimzodaning so‘zlariga ko‘ra, suv Tojikiston iqtisodiyotida asosiy rol o‘ynaydi va mamlakat YAIMning qariyb 25 foizini tashkil etuvchi qishloq xo‘jaligi faoliyatini ta’minlaydi.
Muammolarga javoban mintaqa mamlakatlari islohotlarni kuchaytirmoqda va resurslarni boshqarishda yangi yondashuvlarni joriy etmoqda. Tojikiston 2030-yilga borib sug‘oriladigan yerlarning kamida 50 foizida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rejalashtirmoqda, shuningdek, 2040-yilgacha muzliklar erishini sekinlashtirish maqsadida 2 milliarddan ortiq daraxt va buta ko‘chatlarini ekishni ko‘zda tutadi. O‘zbekiston va Tojikiston gidroenergetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda, xususan, Zarafshon daryosida umumiy quvvati 320 MVt gacha bo‘lgan GESlar qurilmoqda.
Qozog‘iston suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov O‘zbekiston mintaqada suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda asosiy drayverlardan biri sifatida ishtirok etayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda Qozog‘iston va O‘zbekiston davlat rahbarlari darajasida imzolangan Transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitim “suv diplomatiyasi” uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Qozog‘iston, shuningdek, BMT shafeligida Xalqaro suv tashkilotini tashkil etish va suvdan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy Hadli konvensiyani ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqqan.
Biroq, kelishuvlar va muloqot mavjudligiga qaramay, mintaqada suv masalalari to‘liq hal etilgani haqida gapirishga hali erta. Xalqaro suv resurslarini boshqarish institutining (IWMI) Markaziy Osiyo bo‘yicha katta ilmiy xodimi Iskandar Abdullayevning ta’kidlashicha, asosiy muammolar tizimli xususiyatga ega: “Bu yerda gap, umuman olganda, suv yetishmasligi haqida emas, balki suvning ehtiyojlarga mos kelmasligi haqida bormoqda. Resurslar ko‘pincha aynan zarur bo‘lgan vaqtda — masalan, sug‘orish davrida — yetib kelmaydi”. Yuqori va quyi oqim mamlakatlari manfaatlari o‘rtasidagi farq, gidrologik ma’lumotlar almashinuvi cheklanganligi va siyosiy ishonch darajasi muhim to‘siqlar bo‘lib qolmoqda.
Abdullayevning fikricha, zamonaviy texnologiyalar suv taqsimotini real vaqt rejimida kuzatib borish, isrofgarchiliklarni aniqlash va yanada aniq boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beradi. U, shuningdek, suv infratuzilmasini moliyalashtirishni ko‘paytirish va yuqori oqim mamlakatlarini — Qirg‘iziston va Tojikistonni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Water Slovakia prezidenti Nikolay Marosh ham suv, energetika va agrar siyosatni integratsiya qilmasdan turib, barqaror natijaga erishib bo‘lmasligini aytdi.
Source: www.gazeta.uz