Reuters agentligining o‘z manbalariga asoslangan xabariga ko‘ra, AQSh prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan va uning rahbarligidagi “Tinchlik kengashi” G‘azo sektorini qayta tiklash uchun a’zo davlatlar tomonidan va’da qilingan 17 milliard dollarning juda oz qismini to‘plagan. Kengashning birinchi yig‘ilishi 19-fevral kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan, unda Donald Tramp to‘qqizta a’zo davlat, jumladan, O‘zbekiston G‘azoga yordam berish uchun 7 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratishga va’da berganini e’lon qilgan. Qo‘shma Shtatlar esa tashkilotga 10 milliard dollar yo‘naltirish majburiyatini olgan.
Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ikki yillik urush davomida har beshta binodan to‘rttasi vayron bo‘lgan G‘azoni qayta tiklash taxminan 70 milliard dollarga tushadi. “Tinchlik kengashi” rejasi Falastinning HAMAS guruhi qurolsizlantirilgani va Isroil qo‘shinlari olib chiqilganidan keyin G‘azoni keng ko‘lamli qayta tiklashni nazarda tutadi. Mablag‘lar, shuningdek, G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchi qo‘mita (NCAG) faoliyatini moliyalashtirish uchun ham mo‘ljallangan edi—bu HAMAS o‘rniga G‘azo ustidan nazoratni qo‘lga olishi kerak bo‘lgan, AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ma’muriy organdir.
Reuters manbalaridan birining xabar berishicha, moliyalashtirishni va’da qilgan 10 ta davlatdan faqat uchtasi—BAA, Marokash va AQSh o‘z hissasini qo‘shgan. Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, “Tinchlik kengashi”ning budjeti hozirda 1 milliard dollardan kamroqni tashkil etmoqda. AQSh va Isroilning Eron bilan urushi “hamma narsaga ta’sir qildi”, deya qo‘shimcha qildi u.
“Tinchlik kengashi” moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar haqidagi ma’lumotlarni rad etdi. Tashkilot bayonotida: “„Tinchlik kengashi“ samarali, aniq vazifalarni bajarishga yo‘naltirilgan tashkilot bo‘lib, mablag‘larni zaruriyatga qarab jalb qiladi. Hech qanday moliyaviy qiyinchiliklar mavjud emas. Bugungi kunga qadar moliyalashtirish bo‘yicha barcha so‘rovlar to‘liq hajmda qanoatlantirildi”, deyiladi.
“Tinchlik kengashi” dastlab 2025-yil oktabr oyida Donald Tramp vositachiligida kelishilgan tinchlik rejasi doirasida G‘azo sektorini boshqarish bo‘yicha xalqaro organ sifatida o‘ylangan edi. Keyinchalik kengash kengroq vakolatlarga ega bo‘ldi va endilikda butun dunyodagi mojarolarni hal qilish bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston ushbu tashkilotga 2026-yil yanvar oyida Shveysariyaning Davos shahrida ta’sischi davlat sifatida qo‘shilgan.
Source: www.gazeta.uz