Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga jo‘nab ketdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati. Ushbu tashrifning asosiy maqsadi – 11-aprel kuni Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida Buxoroda oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazishdir.

Muzokaralarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Siyosiy muloqotni, parlamentlararo, hukumatlararo va hududlararo aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.

Akorda ham davlat rahbarining O‘zbekistonga tashrifi va Shavkat Mirziyoyev bilan “norasmiy uchrashuvi” haqida e’lon qildi. Matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, “…mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham muhokama qilish rejalashtirilmoqda”.

Yetakchilar, O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport, energetika, suv va ekologiya sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalarini muhokama qiladi.

Shuningdek, birgalikda tarixiy obidalarni ziyorat qilish, sanoat korxonalari faoliyati va mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishish ham rejalashtirilgan. Bugun esa Mirziyoyev Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar bilan tanishadi.

Source: www.gazeta.uz