O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda So‘x tumanining O‘zbekistonning Qirg‘iziston hududidagi eksklavi sifatida transport-logistika imkoniyatlari cheklangan, iqtisodiy aloqalari sust va borish qiyin hudud bo‘lgani ta’kidlandi. Biroq, so‘nggi yillarda tumanda yangi yo‘llar, bog‘chalar, maktablar, tibbiyot muassasalari va uy-joylar qurilishi, chegaradan o‘tish tartibining soddalashuvi va tadbirkorlik sharoitlarining yaxshilanishi kabi muhim o‘zgarishlar amalga oshirilgan.
So‘x tumanida 25 ta mahallada 88,6 ming aholi istiqomat qiladi, 29 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 33 ta maktab, 2 ta o‘rta maxsus ta’lim muassasasi, 14 ta tibbiyot muassasasi va 2 ta madaniyat obyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Yig‘ilishda tumandagi o‘zgarishlar nafaqat infratuzilmaning yangilanishi, balki iqtisodiy faollikning oshishi va mintaqaviy iqtisodiy tizimga qayta integratsiyalanishining ifodasi ekani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, tumanda kambag‘allik darajasi 7,9 foizni, ishsizlik darajasi esa 5,5 foizni tashkil etib, mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori ekanligi qayd etildi. Joriy yilda 40 million dollar investitsiya jalb qilinib, 15 million dollar eksport qilish rejalari ma’lum qilindi, bu orqali sanoatda 9 foiz, xizmatlar sohasida 17,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 7,6 foiz o‘sishni ta’minlash rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda So‘xning betakror tabiati, musaffo havosi, daryolari va salqin iqlimi turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi. So‘x daryosi bo‘yida, Sarikand, Ravon va Istiqlol mahallalarida turizm maskanlarini tashkil etish, shuningdek, reabilitatsiya, fizioterapiya, dori-darmon logistikasi va tibbiy ta’limni birlashtirgan tibbiy xizmatlar klasterini tashkil etish taklif etildi. Turizm va xizmatlar sohasiga 60 million dollar investitsiya jalb qilish, 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratish, turizm xizmatlari hajmini 15 milliard so‘mga oshirish va eksportni 2 million dollarga kengaytirish rejalari ma’lum qilindi.
Har bir mahallada 10 tadan, jami 300 ta mikroloyihani ishga tushirish, 8 ming 600 nafar aholini kasb-hunarga o‘qitish rejalashtirilgan. Banklar tomonidan ushbu maqsadlar uchun 64 mlrd so‘m, ijtimoiy soha va infratuzilmani rivojlantirishga qo‘shimcha 74,5 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Qishloq xo‘jaligi sohasida 425 gektar maydonda mevali bog‘lar, 60 gektar maydonda za’faron plantatsiyalari, 100 gektar maydonda kartoshka yetishtirish loyihalari, baliqchilikni rivojlantirish va 30 ta forel yetishtirish uchun suv havzalari tashkil etish taklif etildi. Bundan tashqari, Devayron va To‘ldasht aholi punktlari o‘rtasida 8 kilometrlik sug‘orish tarmog‘ini qurish hisobiga 800 gektar yerni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev So‘x tumanini rivojlantirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad odamlar hayotini sezilarli darajada yaxshilash, aholi daromadlarini oshirish, ish o‘rinlari yaratish va tumanning transport bog‘liqligini yanada mustahkamlash ekanini ta’kidladi.
Source: www.gazeta.uz