Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda Noolimpiya sport turlari konfederatsiyasi tuzilishi e’lon qilindi. Bu taklif 7-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’qullandi. Qaror, mamlakatda olimpiya o‘yinlariga kirmagan sport turlariga qiziqishning oshgani bilan bog‘liq. Yig‘ilishda qayd etilishicha, bugun 100 mingdan ortiq yoshlar dzyudo, sport kurashlari, taekvondo, qilichbozlik, og‘ir atletika kabi olimpiya sport turlari uchun tayyor zaxira hisoblanadigan noolimpiya sport turlari bilan doimiy shug‘ullanmoqda.

Ommabop noolimpiya sport turlari qatoriga avtosport (Formula-1, MotoGP), yakkakurashlar (MMA, sambo, jiu-jitsu, sumo), o‘yin turlari (kriket, skvosh, bouling, bendi, florbol, beysbol/softbol), faol va elita sport turlari (chirliding, oriyentirlash, raqs sporti, frisbi, plyaj gandboli, flag-futbol), shuningdek bilyard va yoga kiradi. Shu munosabat bilan Sport vazirligi va hokimlarga sport maktablarida yoshlar qiziqadigan noolimpiya sport turlari bo‘yicha seksiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Davlat rahbari Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirishga alohida to‘xtalib o‘tdi. 2026-yildan boshlab Prezident Olimpiadasi doirasida musobaqa o‘tkaziladigan sport turlari 2 karra ko‘paytirilib, 21 taga yetkaziladi. Endi mazkur olimpiada parasport bo‘yicha ham o‘tkazilishi belgilandi. Har bir tuman va viloyat hokimi o‘z hududida Hokim olimpiadasini tashkil qiladi, g‘oliblar esa Prezident olimpiadasiga yo‘llanma oladi.

Poytaxtdagi 7 ta oliy sport mahorati maktabi tugatilib, o‘rniga Olimpiya shaharchasida Olimpiya terma jamoalari markazi tashkil qilinadi. Joylardagi 56 ta ixtisoslashgan sport maktabi ham markazning boshqaruviga o‘tadi. Shuningdek, adaptiv sport turlari bo‘yicha kadr tayyorlash va malakasini oshirish tizimi o‘zgaradi, Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filiali inklyuziv sport bo‘yicha tayanch oliygohga aylanadi.

Para sportchilar va ularga hamrohlik qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Endilikda o‘quv-yig‘in mashg‘uloti, respublika va xalqaro musobaqalarda para sportchiga hamrohlik qilganlarga transport va yashash xarajatlari qoplab beriladi, ularga har oyda sport maktablari trenerlari oyligiga teng miqdorda maosh to‘lanadi. Prezident yaqinda qabul qilingan qonun barcha darajadagi rahbarlarning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mas’uliyatini oshirishini ta’kidladi va “Bundan buyon ushbu rahbarlardan talab ham, so‘rov ham shunga yarasha bo‘ladi”, dedi.

Source: www.gazeta.uz