Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Hozirgi kunda iqtisodiyotda davlat ulushi 42 foizni, davlat ishtirokidagi korxonalar soni esa 1 ming 685 tani tashkil etmoqda. O‘tgan yili qariyb 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirilib, budjetga 10 trillion so‘mdan ortiq tushum ta’minlangan. Yer uchastkalarini sotish hajmi ham oshib, 6 trillion so‘mga yetdi.
Xususiylashtirishdan manfaatdorlik tizimi joriy etilib, viloyatlarda 2,6 trillion so‘m, mahallalarda esa 7 milliard so‘m mablag‘ qoldi. Davlat korxonalari esa budjetga 49 trillion so‘m dividend to‘ladi. So‘nggi besh yilda xususiylashtirish hisobidan davlat korxonalari soni 60 foizga kamaygani qayd etildi. Yig‘ilishda yirik aktivlar, jumladan, UzAuto Motors va uning tarkibidagi korxonalar, “Navoiyazot”, issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari haqida axborot berildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligida raqamli texnologiyalar loyiha ofisini tashkil etish taklifi bildirildi. Ushbu tizim doirasida xususiylashtirishning barcha jarayonlari onlayn kuzatib boriladi, davlat korxonalarining moliyaviy tahlili va tushumlarni taqsimlash jarayonlariga sun’iy intellekt elementlari joriy qilinadi. Ma’lumot uchun, UzAuto Motors, UMS, Toshkent traktor zavodi va bir qancha issiqlik stansiyalari xususiylashtirish haqida 2025-yil aprelda prezident qarori imzolangandi.
Yig‘ilishda tadbirkorlarga ajratilgan, lekin iqtisodiy aylanmaga to‘liq kiritilmagan yer uchastkalari masalasiga e’tibor qaratildi. Xususan, 2022−2025-yillarda berilgan 11,4 ming gektar yerning 3,1 ming gektarida iqtisodiy faoliyat to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani ta’kidlandi. Shu bois, yer uchastkalarining haqiqiy holatini onlayn monitoring qilish, ularni tayyor loyihalar asosida auksionga chiqarish va investitsiya kiritish shartini kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Buning uchun “E-auksion”, “Yerelektron”, O‘zbekkosmos agentligi, “Shaffof qurilish” va “UzKAD” kabi axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilgan holda samarali foydalanilmayotgan yerlarni aniqlash tizimini joriy etish taklif qilindi. Ushbu yerlarni iqtisodiy aylanmaga kiritishda joylardagi hokimliklarning rolini oshirish topshirildi. Endilikda tadbirkorlik maqsadlari uchun yer maydonlari ruxsat beruvchi hujjatlari bilan birga tayyor biznes loyihasi sifatida auksionga chiqariladi.
Davlat rahbari iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, aktivlardan samarali foydalanish va xususiylashtirish jarayonlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tezlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Source: www.gazeta.uz