Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida Saba Productions media kompaniyasi vakili Fiona Kashli bilan uchrashuv o‘tkazilib, Abu Ali ibn Sino hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan hujjatli filmni suratga olish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, loyiha tadbirkor Ehson Rahbar homiyligida amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda elchixona vakillari bo‘lajak filmda Abu Ali ibn Sino siymosini talqin qilishda tarixiy faktlarni o‘zgartirmasdan, asl holicha yoritish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, allomani g‘arbda ilm-fan va tibbiyot rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan, butun insoniyatga tegishli sharqning buyuk olimi sifatida namoyon etish zarurligi qayd etildi.

Fiona Kashlining ma’lum qilishicha, ijodiy guruh 3−5-aprel kunlari Istanbulda suratga olish ishlarini yakunlab, 6-aprel kuni O‘zbekistonga keladi. Asosiy tasvirga tushirish ishlari 7−12-aprel kunlari Buxoro viloyatida — alloma tug‘ilib o‘sgan hududda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, loyiha O‘zbekistonning boy tarixiy va intellektual merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, shuningdek Ikkinchi Renessans davri vakillarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini keng yoritishga xizmat qiladi.

Avvalroq AQShlik rejissyor tomonidan 6 yil davomida yaratilgan “Amir Temur” tarixiy filmi premerasi bo‘lib o‘tgan edi. S’yomka jarayoni O‘zbekiston va Qozog‘istonda bo‘ldi. Film prodyuseriga ko‘ra, bu tijoriy loyiha bo‘lib, davlat budjetidan mablag‘ olinmagan.

Source: www.gazeta.uz