Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Isomiddin Ismanov 50 ming dollar miqdoridagi pora olayotgan paytda uyida qo‘lga olindi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, bu ma’lumotni viloyat prokuraturasi tasdiqlagan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Ismanov bir fuqaroga “Bobur shaharcha” hududidagi 20 sotix davlat zaxira yerini tadbirkorlik faoliyati uchun rasmiylashtirish va qurilish ruxsatnomasini olishda yordam berishni va’da qilgan. U bu xizmatlari uchun 50 ming dollar talab qilgan. Fuqaroning arizasi asosida 4-aprel kuni Xavfsizlik xizmati va huquq-tartibot organlari xodimlari operativ tadbir o‘tkazib, hokim o‘rinbosarini pul olayotgan paytda uyida qo‘lga olgan.
5-aprel kuni Andijon viloyat prokuraturasi Ismanovga nisbatan Jinoyat kodeksining 25.168-moddasining 4-qismi “a” bandi va 28.211-moddasining 3-qismi “a” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Hozirda u protsessual tartibda qo‘lga olingan holda saqlanmoqda.
Isomiddin Ismanov 2025-yil dekabridan beri Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Undan oldin u Ichki ishlar organlari tizimida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan, jumladan, 2022–2025-yillarda Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i bo‘lgan. 2021-yilda u “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil kuzida Andijon viloyatining investitsiyalar bo‘yicha boshqa hokim o‘rinbosari Botirjon Hamroyev byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish, lavozim vakolatlaridan suiiste’mol qilish va boshqa jinoyatlar uchun 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 2026-yil yanvarida apellyatsiya sudi zararni qoplagani uchun Hamroyevga nisbatan jazoni yengillashtirib, uni ozod qilgan.
Source: kun.uz