AQSh va Eron o‘rtasidagi ziddiyat nafaqat harbiy, balki global strategik kurashdir. Vashington taktik ustunlik va iqtisodiy bosim orqali g‘alaba qozonishga intilayotgan bo‘lsa, Tehron milliy birlik va assimetrik taktikalarga tayanmoqda. Kun.uz telekanalining "Geosiyosat" dasturida tomonlarning joriy harbiy-iqtisodiy imkoniyatlari va Hormuz bo‘g‘zi atrofidagi vaziyat muhokama qilindi.
Ekspert Bekto‘sh Berdiyevning fikricha, urushning asosiy bosqichi tugagan deb aytib bo‘lmaydi. So‘nggi sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlariga ko‘ra, AQSh va Yaqin Sharq o‘rtasidagi transport havo aloqalari faollashgan – ko‘plab samolyotlar kelib-ketmoqda. Bu, asosan, qurol yoki askarlarni tashiydigan transport samolyotlaridir. Donald Trampning bayonotlari ham eʼtiborga molik: agar Eron muzokaralarda qatʼiy pozitsiyada turib, AQSh shartlariga rozi bo‘lmasa, qatʼiy choralar ko‘rish mumkin. Trampning keskin ritorikasi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
Harbiy va texnologik jihatdan AQSh Erondan ancha ustun, hatto geografik masofaga qaramay. Biroq, hozirgi sharoitda yakuniy xulosalar chiqarish qiyin. Baʼzilar Eron g‘alaba qozongan, AQSh esa mag‘lub bo‘lgan deb hisoblasa-da, bunday fikrlar erta. 21-23 aprel kunlari Pokistonda rejalashtirilgan muzokaralar qanday natija berishi hali nomaʼlum. Vaziyat yanada keskinlashishi mumkin.
Eron rasmiylari o‘z raketali kuchlari va dronlarini jangovar tayyor holatda ekanligini, shuningdek, mumkin bo‘lgan quruqlikdagi operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rayotganini maʼlum qilgan. Tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ko‘ra, transponderlar o‘chirilgan xitoy transport samolyotlari Eronga qo‘ngan, bu Eronning qurollanishini davom ettirishidan dalolat beradi. Umuman olganda, hech bir tomon harbiy tayyorgarlikni kamaytirmayapti. Shuning uchun urush yakuniy bosqichga o‘tgan degan xulosa chigarish hali erta.
Ekspert Shuxrat Rasulning taʼkidlashicha, AQSh Respublikachilar partiyasi va prezident Trampning pozitsiyasida zaif tomonlar mavjud. Eng muhim omillardan biri – noyabr oyidagi oraliq saylovlar. Biroq, ulargacha hali vaqt bor. Yaʼqinda senat Trampni qo‘llab-quvvatladi. Baʼzi respublikachilar hatto uning pozitsiyasi zaiflashsa, qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishlari mumkinligini aytishdi. Ilgari Kongressda, ayniqsa demokratlar tomonidan, Trampga qarshi kurash holatlari bo‘lgan. Quyi paladadagi vaziyat hali noaniq bo‘lsa-da, AQSh siyosiy tizimida senat asosiy rol o‘ynaydi.
So‘nggi ovoz berishda 52 senator Amerikaning foydasiga urushni tugatish tarafdori bo‘ldi. Bu nafaqat respublikachilar, balki senatorlarning umumiy pozitsiyasini aks ettiradi. Ular ushbu mojaroda AQShning harbiy va siyosiy ustunligini taʼminlash tarafdoridir. Ikkinchi muhim jihat – tomonlarning "zaxira imkoniyatlari". Hozirgi vaziyatga qarasak, Eron jiddiy harbiy yo‘qotishlarga uchragan. Xususan, uning harbiy-dengiz kuchlari zaiflashgan, havo fazosida AQSh ustunligi kuzatilmoqda. Bundan tashqari, Eron iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazilgan.
Mavjud maʼlumotlarga ko‘ra, og‘ir metallurgiya sanoatining katta qismi ishlamay qolgan, ishlab chiqarish hajmlari keskin kamaygan. Xuddi shu holat neft-kimyo sanoatida – zamonaviy iqtisodiyotning asosiy tayanchlaridan birida ham kuzatilmoqda. Oziq-ovqat masalasi ham keskin muammoga aylanmoqda. Eron yiliga taxminan 20 million tonna don ishlab chiqaradi, bu ichki ehtiyojning 70 foizini qoplaydi. Qolgan qismi import orqali to‘ldiriladi, shu jumladan Rossiyadan 5 million tonnadan ortiq don olib kelinadi. Umuman olganda, yiliga 7-8 million tonna don import qilinadi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi oziq-ovqat zaxiralari keskin kamaygan. Ilgari zaxiralar uch-to‘rt haftaga yetadi deyilgan bo‘lsa, hozir taxminan ikki haftalik daraja qayd etilmoqda. Baʼzi hududlarda hatto non uchun navbatlar paydo bo‘lgan. Tomonlarning imkoniyatlarini solishtirganda, noyabrgacha Trampning imkoniyatlari ancha keng. Senatda hali uning ustunligi bor. Eronning esa bu jihatdan imkoniyatlari juda cheklangan. Shu nuqtai nazardan, hozircha ustunlik AQSh tomonda deyish mumkin. Eronning manevr qilish imkoniyatlari juda past darajada qolmoqda.
Source: kun.uz